Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Zoir Mirzayev bugun, 12-dekabr kuni Zoom platformasi orqali tezkor yig‘ilish o‘tkazgan. Unda joylardagi tabiiy gaz bosimining pasayib ketayotgani haqida viloyat hokimiga axborot berilgan.
Muammo yuz bergan mahallada hokimiyat vakili o‘tirsin. Mahalla raisining yoniga borib tursin. Men hokimiyatdan keldim, nima dardlaringiz bo‘lsa, menga ayting, desin. Yuborgan odamlaring aytgan masalani hokimlarning o‘zi hal qilib bersin. Bugun-erta o‘zi, agar shuni qilmasalaring, Toshkent viloyatida shunday bo‘lgandi deb, bir yil aylanadi keyin. Lekin hech kimni kechirmayman. Rahbarlar, sektorlar, xiyonat qilgan bo‘lamiz, shuncha tayyorgalik ko‘rib, bir-ikki kechaga chidolmasak, — deydi viloyat hokimi rahbarlarga topshiriq berar ekan.
Zoir Mirzayev muammo haqida aytayotgan rahbarlarning o‘zi vahimaga berilib qolishini tanqid qilgan.
Ko‘pincha rahbarlarning o‘zlari vahima qiladi. Ahvol judayam jiddiy, ahvol og‘irlashibdi, deb. Mana shunaqa gapni rahbarlarning o‘zi qiladi. Hovliqmanglar bunaqa. Kabinetda o‘tirib olib, ahvol jiddiy, deganlarning tilini kesib olish kerak. Ahvol G‘azo sektori va Ukrainada jiddiy, shuni bilib oling. Qolgan muammolarni bartaraf qilsa bo‘ladi. Mas’uliyatni bo‘yinga olib, kabinetdan chiqish kerak. Keyin hokimlar shaxsan o‘zim boryapman, degan gapni yig‘ishtirib qo‘ying. Shaxsan o‘zingiz oltita, yettita, boringki, sakkizta maktabga borasiz. Rayonda 50-60 ta maktab bor. Nima kerak bunaqa gaplar, hech tushunmayman. Qolganlarning ham ishini ko‘rsatish kerak, ularga ham imkon berish kerak, — deydi hokim.
Zoir Mirzayev takroriy tarzda hokimlarga murojaat qilib, pashshadan fil yasamaslik kerakligini uqtiradi.
O‘sha o‘zlaring bilgan xalq, borsa, yeb qo‘ymaydi. Xomicha yemaydi, yesa ham pishirguncha yetib olamiz, — deydi hokim.