Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 13-turida “Surxon” jamoasi “Olimpik”ka qarshi bahs olib bordi va 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Uchrashuvning 72-daqiqasida “Suxron” himoyachisi Nodirxon Ne’matxonov qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Futbolchi maydonni tark etayotgan mahalda hissiyotlarga berilib, bo‘sh suv idishini tepib yubordi va bu idish uchrashuv bolboyi yonidan o‘tib ketdi.
Nodirxon Ne’matxonov ushbu ishi uchun boladan va uning otasidan uzr so‘rab, Muhammad ismli bolboyga sovg‘alar va original libosni taqdim etdi.
Shuningdek, “Surxon” klubi ham vaziyat yuzasidan bola va uning ota-onasidan uzr so‘ragan:
“Futbol — bu nafaqat g‘alabadan keladigan xursandchilik, chiroyli gollar, balki hissiyotlar hamdir. Afsuski, bu vaziyatda jamoamiz futbolchisi o‘zini noto‘g‘ri tutdi. “Surxon” bu harakatni hech qanday holatda oqlamaydi. Bizning klubimiz feyr-pley qoidalariga muvofiq halol futbolning tarafdoridir.
Futbolchimiz harakati uchun bolboy va uning ota-onasidan rasmiy uzr so‘raymiz”, — deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.
O‘zbekiston Professional Futbol ligasi ham vaziyatga o‘z e’tiborini qaratdi. PFL direktori Diyor Imomxo‘jayev bolboy bola bilan ko‘rishdi.
“Liga “Surxon” klubi a’zosining hatti-harakatlariga nisbatan tegishli chora ko‘radi va shu o‘rinda maydon atrofida mehnat qilayotgan barcha bolboy yigitlarga mehnatlari uchun minnatdorchilik bildiradi. Ishonamizki, ularning har biri kelajakda katta darajadagi futbolchi bo‘lib yetishadi”, — deb yozadi PFL.
Izoh (0)