2023-yilning 3-oktyabr kuni bo‘ydoqlik bilan xayrlashgan taniqli aktyor Dilshodbek Kattabekov “Milliy” telekanalining “Ikkalamiz” loyihasida rafiqasi Zuhra bilan birga ishtirok etdi hamda boshlovchilarning savollariga javob berdi.
Rafiqasi bilan qanday tanishgan?
— Uylanish mavzusi uyimizda 4-5 yildan beri davom etayotgan edi. Mendan keyin ukam ham uylandi. Yillar o‘tgan sari inson injiq bo‘lib qolar ekan. Inson o‘z ko‘ngliga yoqqan insonni topsangizgina, u bilan birga yashab keta olasiz. Rafiqam ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmaydi. Faqat Telegram messenjeriga ruxsat berganman. Uchrashuvga chiqqanimda Zuhraning yerga qarab, uyalib o‘tirishi e’tiborimni tortgan. Chunki ayol kishi erkak kishi bilan gaplashganida ko‘ziga tik qarab turmasligi kerak. U xolavachchamning qo‘shnisi, Sirdaryoga borganimda 10 daqiqacha ko‘rishib suhbatlashdik. Bir-birimizga ma’qul bo‘ldik. Qaynonam mening muxlisim ekanliklari qo‘l keldi.
To‘y haqida
— To‘y ikki yoshning hayotida eng muhim narsa emas. To‘y dabdabali bo‘lib, hayot dabdala bo‘lganidan ko‘ra, u ixchamroq bo‘lib, hayotingiz dabdabali bo‘lsin. To‘y — bu ikki-uch soatda o‘tadigan narsa. To‘yimda janjallar bo‘lishidan hadiksirab o‘tirdim. Keyin juda ko‘p notanish insonlar kelishdi. Zuhradan “Sening qarindoshingmi?”, desam tanimasligini aytdi, ularni men ham hech qachon ko‘rmaganman. Oldimizga kelib rasmga tushib ketishdi.
— Bizning oilamizda men birinchi o‘ringa ota-onamni qo‘yaman. Agar sen ularni qaynota-qaynonadek emas, o‘z ota-onagdek ko‘rsang, boshingda ko‘tarib yursang, men seni boshimda ko‘taraman, deganman. Kelin aka-uka o‘rtasiga sovuqchilik tushirmasligi kerak. Mayda gaplarni tashimasligi kerak. Ketayotganimda yaxshi kuzatib, kelganimda yaxshi kutvolsang, oilamiz muhitiga ko‘niksang, bizdan baxtli oila bo‘lmaydi deganman.
Oilasi kelajagi haqida
— 5-10 yildan keyin Alloh bergan farzandlarimiz qurshovida, hamma havas qiladigan darajadagi baxtli oilalar safida bo‘lishni orzu qilaman.
Qaynonasining o‘gitlari
— Zuhraning onasi bilan gaplashganimda ular “Dilshodbek, sizning yoshingiz kattaroq. Zuhrani sizga ishonib topshiryapman. O‘zingiz kam-ko‘stlarini o‘rgatasiz. Zuhra bizning kenjamiz, erkatoy farzandimiz. Shuning uchun biz unga ko‘p uy yumushlarini ham qildirmasdik. Yangi uyga borganida uning qaynota-qaynonasi, qaynakalari, qayinsingillari bo‘ladi, lekin uning eng yaqin insoni — endi sizsiz”, deganlar.
Dilshodbek Kattabekov, shuningdek, 19 yoshli rafiqasi bilan Toshkentga ko‘chib kelishgani, hozirda ota-onasidan alohida yashayotganlari haqida ham gapirib o‘tgan.
Izoh (0)