Ijtimoiy tarmoq sahifalarida go‘yoki xakerlar O‘zbekiston banklariga hujum qilishgani va Humo kartalardan yirik miqdorda pul o‘g‘irlagani haqida xabarlar tarqalmoqda. Kompaniya matbuot xizmati holatga munosabat bildirdi.
Milliy banklararo protsessing markazining ma’lum qilishicha, ushbu maʼlumotlar yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ta’kidlanishicha, Humo to‘lov tizimi barcha xavfsizlik talablariga javob beradi va tizimga bevosita hech qanday kiberhujum sodir bo‘lmagan.
“Shuningdek, ijtimoiy tarmoq faollaridan tekshirilmagan va yolg‘on maʼlumotlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz. Eslatib o‘tamiz, aholi o‘rtasida yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik mavjud”, — deyiladi munosabatda.
Bir necha kun avval Humo bankomatlari naqd pul bermayapti, mazmunidagi xabarlar tarqalgandi. Kompaniya pul yechish amaliyotlari monitoringi natijasida ayrim bankomatlarda naqd pul bermaslik holatlari kuzatilgani sabab, ushbu holatni bartaraf etish uchun bankomatlar rejali profilaktika maqsadida vaqtinchalik o‘chirib turilishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)