Toshkent metropolitenining “Shahriston” metro bekatida poyezd tarkibi texnik nosozlik sabab to‘xtab qoldi. Bu haqda metropoliten ma’muriyati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 23-oktyabr kuni soat 09:46 lar atrofida “Shahriston” metro bekatining aylanma yo‘lidan harakatga chiqishi lozim bo‘lgan 64-sonli harakat tarkibining havo kompressorida texnik nosozlik holati aniqlangan.
Holat yuzasidan tezkor ko‘rilgan chora tadbirlar natijasida ushbu harakat tarkibi soat 10:17 da harakatlana boshlagan. Bu esa yo‘nalishda belgilangan vaqt intervallari uzayishiga olib kelgan.
“Hozirgi vaqtda poyezdlar belgilangan jadvalga asosan harakatlanmoqda. Keltirilgan noqulaylik yuzasidan yo‘lovchilardan uzr so‘raymiz”, — deyiladi munosabatda.
2022-yilda Toshkent metropolitenida kuzatilgan muammolar haqida bir qator xabarlar berilgan edi. Xususan, poyezdlar bir necha bor to‘xtab qolgan, harakat yo‘nalishi cheklangandi. Shuningdek, Toshkent yerusti metrosida yuz bergan qisqa tutashuv yuzasidan rasmiy ma’lumot berilgan, metro poyezdi “Olmazor” bekatida to‘xtab qolgan, metro poyezd nosozlik sabab “Chorsu” bekatida yo‘lovchilarni tushirib qoldirgan edi.
Izoh (0)