Xorazm viloyati Urganch shahrida qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, bosh prokuratura huzuridagi departamentning Urganch shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda “U.A.” xususiy korxonasi, “I.Sh.” va “M.Sh.” MCHJlarga qarashli savdo shoxobchalarida 5 xil turdagi jami 1 019 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari savdoga qo‘yilgani aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Xuddi shunday, departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda G‘ijduvon tumanidagi “D.N.” MCHJga qarashli savdo do‘konida 10 xil turdagi jami 894 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari savdoga qo‘yilgani aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)