Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili G‘azo sektorida 20 nafar bola va 313 nafar katta yoshdagilar halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, Isroilning raketa hujumlari natijasida 2 mingdan ortiq tinch aholi jarohatlangan.
Bugun, 8-oktyabr kuni HAMAS jangarilari kamida yetti aholi punktida janglar davom etayotgani haqida xabar berdi. Ular orasida Ofakim va Sderot shaharlari ham bor.
Isroil armiyasi chegara hududlaridan tinch aholini ommaviy evakuatsiya qilishini e'lon qildi. Isroil Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Daniel Hagarining aytishicha, "mamlakat armiyasi 400 dan ortiq falastinlik jangarilarni yo‘q qilgan". Bundan tashqari, HAMAS guruhining o‘nlab a’zolari hibsga olingan.
7-oktyabr kuni ertalab Falastinning HAMAS harakati jangchilari Isroil hududiga raketa zarbalarini boshladi. Keyinroq jangchilar Isroil hududiga kirib, odamlarni garovga olgan. Bunga javoban Isroil aksilterror operatsiyasini boshlab, G‘azo sektoridagi turar joy binolari va masjidlarga havodan zarbalar berdi.
Izoh (0)