Futbol bo‘yicha Fransiya chempionatining 6-turida “PSJ” “Marsel” ustidan 4:0 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘yindan so‘ng hujumchi Randal Kolo-Muani, vinger Usmon Dembele, shuningdek, himoyachilar Ashraf Hakimi va Leven Kurzavalar “Marsel” sha’niga haqoratli so‘zlar yog‘dirgan.
Hakam hushtagi yangragach, futbolchilar muxlislar tomonga yo‘l oldi. Yarim himoyachi Uorren Zair-Emeri megafonni olib, muxlislar bilan birga qo‘shiq kuylagan. U tarafdan hech qanday yomon so‘zlar yangramagan, biroq videoga Kolo-Muani, Dembele, Hakimi va Kurzavaning haqoratli so‘zlar ishlatib, baqirayotgani tushib qolgan.
Le Parisien nashrining xabariga ko‘ra, Liga 1 intizomiy ish ochadi va videolavhalarni tekshiradi. Agar “PSJ” futbolchilarining aybi isbotlansa, ular jazolanadi. Jazo turlaridan biri — bu diskvalifikatsiya.
2011-yilda “Marsel” himoyachisi Taye Tayvo “Monpelye”ga qarshi bahsdagi g‘alabadan so‘ng, tomoshabinlarga qarata haqoratli so‘zlar ishlatgani uchun bitta o‘yinga chetlatilgan.
Izoh (0)