Buxoro viloyatining Peshku tumanidagi muhofaza zonasida jami 125 tup daraxt noqonuniy kesib tashlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Tumanining “Mustaqillik”, “Chig‘irchi”, “Yangibozor”, “Sadir” va “Malishoyak” mahallalari hududidan oqib o‘tuvchi Zandani kanalining muhofaza zonasida o‘sib turgan daraxtlar kesilgan bo‘lib, ularning 23 tupi kam qimmatli, 102 tupi qimmatbaho daraxtlar bo‘lgan.
Dastlabki xulosaga ko‘ra, hududda daraxtlar kesilishi oqibatida tabiatga 1,7 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazish uchun ichki ishlar organlariga yuborilgan.
Qayd etilishicha, mazkur jinoyat ishi tergovi ustidan prokuror nazorat o‘rnatilgan.
Izoh (0)