Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan davlat dasturlarida belgilangan qurilish obyektlarining muddatida va sifatli topshirilishi ustidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hozirda viloyat hududida jami 457 ta obyektda qurilish-taʼmirlash ishlari davom etmoqda. Prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 15,8 milliard so‘mlik sifatsiz ishlar hamda 6,3 milliard so‘mlik qo‘shib yozish holatlari aniqlangan.
Jiddiy qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 63 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, 12,6 milliard so‘m zarar undirilgan, 280 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan hamda 90 nafar shaxslarning huquqlari tiklangan.
Viloyat prokurori Sirojiddin Eshquvvatov rahbarligida ushbu masala yuzasidan sohaga masʼul idora rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Yig‘ilishda, foydalanishga topshirilishi kechikayotgan obyektlar muhokama qilinib, obyektlarida amalga oshirilayotgan ishlarni sifatli bajarish, o‘z muddatida foydalanishga topshirish yuzasidan shtab hamda ishchi guruh aʼzolariga ko‘rsatma va topshiriqlar berilgan.
Bundan oldin Qarshida ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish bahonasida 1,3 mlrd so‘m talon-toroj qilingani, Qashqadaryoda tibbiyot birlashmasi binosi rekonstruksiyasida 800 mln so‘mga yaqin mablag‘ o‘zlashtirilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)