O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyev joriy va kelgusi haftada ishtirok etadigan qator xalqaro tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, prezident 14—15-sentabr kunlari Tojikistonning Dushanbe shahriga borib, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi hamda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammitida qatnashadi.
Bu sammitlarda prezident qator muhim va dolzarb taklif hamda tashabbuslarni ilgari surishi, mintaqada savdo-iqtisodiy, transport-logistika aloqalarini, “yashil” iqtisodiyot va energetika, suv va ekologiya sohalarida hamkorlikni yanada mustahkamlash, iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlariga qarshi birgalikda kurashish kabi masalalar yuzasidan o‘z nuqtayi nazarini bayon qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, prezident keyingi haftada AQSHga jo‘nab ketadi. Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi umumsiyosiy munozaralarida nutq so‘zlaydi.
“Prezidentimiz xalqaro hamjamiyatni nafaqat yurtimizdagi islohotlar jarayoni, inson huquqlari, ijtimoiy-siyosiy modernizatsiya sohalarida erishilgan natijalar bilan tanishtiradilar, balki ham mintaqaviy, ham global ahamiyatga ega qator muhim tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda”, — deydi Sherzod Asadov.
Tashrif davomida davlat rahbari Jo Bayden taklifi bilan o‘tkaziladigan “C5+1” formatidagi AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi uchrashuvida ishtirok etadi.
Izoh (0)