Ukraina faqat harbiy xarajatlarni budjetdan o‘zi qoplay oladi, qolgan hamma sohalar Kiyev hamkorlari tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi. Bu haqda mamlakat moliya vaziri Sergey Marchenko ma'lum qildi.
“Biz xavfsizlik va mudofaa sohasini o‘z kuchimiz bilan qoplayapmiz. Boshqa barcha xarajatlarni, taʼkidlayman, boshqa barcha xarajatlarni hamkorlarimiz hisobidan, xorijdan oladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiramiz”, — dedi u.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, mamlakat ichidagi barcha soliq va yig‘imlar harbiy xarajatlarga yo‘naltirilgan.
“Bu mablag‘ yetarli emas, shuning uchun biz farqni ichki kreditlar va harbiy obligatsiyalar hisobidan qoplaymiz”, dedi moliya vaziri.
Ukrainaning 2023-yilgi budjeti rekord darajadagi 38 milliard dollar defitsitga ega. Prezident Vladimir Zelenskiy G‘arb Kiyevga budjet kamomadini qoplashda yordam berishiga umid bildirdi. Iyul oyida Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal xalqaro hamkorlar yil boshidan buyon Kiyevga budjet taqchilligini moliyalashtirish uchun 23 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratganini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)