Vladimir Putin “Vagner” xususiy harbiy kampaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojinning dafn marosimiga bormaydi.
“Prezidentning (marosimda) ishtirok etishi ko‘zda tutilmagan”, — dedi Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov 29-avgust kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan brifingda.
Peskov, shuningdek, Kremlda Prigojinning dafn marosimi haqida aniq ma’lumotlar yo‘qligini ta’kidladi.
“Biroq bu masala bo‘yicha qarorni (Prigojinning) qarindoshlari va do‘stlari qabul qiladi. Bu yerda ularsiz hech narsa deyolmaymiz”, — dedi Peskov.
Rossiya Tergov qo‘mitasi Prigojinning o‘limini tasdiqladi
23-avgust kuni Tver viloyatida Yevgeniy Prigojinga tegishli xususiy biznes-jet halokatga uchradi. Oqibatda o‘n kishi halok bo‘ldi: yetti nafar yo‘lovchi va uch ekipaj a’zosi. Federal havo transporti agentligining ma’lum qilishicha, bortda boshqalar qatorida “Vagner” rahbari Prigojin, XHK komandiri Dmitriy Utkin ham bo‘lgan. 27-avgust kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi molekulyar-genetik ekspertiza asosida aviahalokat qurbonlarining shaxsi aniqlangani va ular orasida “Vagner” rahbari ham borligini ma’lum qildi.
“Fontanka” xabar berishicha, Yevgeniy Prigojinning dafn marosimi 29-avgust kuni bo‘lib o‘tishi mumkin. Nashrning yozishicha, Sankt-Peterburgdagi Serafimovskiy qabristoniga metall detektorlari o‘rnatilgan, bu Prigojinning dafn marosimiga tayyorgarlik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Prigojin va Tver viloyatidagi halokat qurbonlari qayerda va qachon dafn etilishi haqida hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q.
Izoh (0)