Xitoy va Mo‘g‘ulistonda 14-avgust kuni 3 tadan bubonli o‘lat kasalligi aniqlandi. Sanepidqo‘mita bu borada O‘zbekistondagi vaziyat qandayligini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 14-avgustda Xitoy va Mo‘g‘ulistonda 3 tadan bubonli o‘lat kasalligi aniqlandi. O‘lat eng dahshatli kasalliklardan biri hisoblanib, butun insoniyat tarixida yuz bergan uchta o‘lat pandemiyasi yuzlab million odamlar hayotiga zomin bo‘lgan. O‘lat – tabiiy o‘choqli zoonoz kasalliklar guruhiga mansub infeksiya bo‘lib, o‘ta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi. O‘lat odatda tabiiy o‘choqdagi kasallik mikrobini yuqtirib olgan kemiruvchilar orasida tarqaladi.
Kasal kemiruvchidan kasallik mikrobi sog‘lom kemiruvchiga burgalar va kanalar chaqishi orqali yuqadi. Kasallikning yovvoyi hayvonlar orasida keng tarqalishi epizootiya jarayoni deb ataladi. Epizootiya kechayotgan hududlarda muntazam yashaydigan mahalliy aholi yoki mavsumiy ishlaydigan odamlarga kasallik burga va kanalar chaqishi orqali yuqadi. Bunda asosan o‘latning bubonli shakli (bubon – o‘lat mikrobi zararlagan va shishgan limfa tuguni) kuzatiladi. Bubon shaklidagi o‘lat hozirda 95-98 foizni tashkil qiladi.
Ta’kidlanishicha, kasallik vaqtida aniqlanib, zamonaviy davolash choralari o‘z vaqtida o‘tkazilganda deyarli barcha hollarda kasallanganlar tuzalib ketadi. Agar o‘lat mikrobi havo orqali yuqsa, o‘pka shakli, og‘izdan yuqsa, oshqozon-ichak shaklida kechadi. Shaklidan qat’i nazar, kasallik vaqtida davolanmagan bemorlarda mikrobning qonda ko‘payishi orqali sepsis shaklida og‘ir kechib, o‘limga sabab bo‘ladi.
Kasallik og‘ir intoksikatsiya sindromi, isitma, terining, limfa tugunlarining, o‘pkaning shikastlanishi, septik holat bilan tavsiflanadi.
O‘zbekistonda mavjud tabiiy o‘choqlarda epizootiyalarni vaqtida aniqlab, ularning epidemiyaga aylanib ketmasligining oldini olish bilan muntazam tizimli ravishda shug‘ullanadigan o‘latga qarshi tizim muassasalari mavjud bo‘lib, ular o‘choqlar faollashgan paytlarda kerakli profilaktik tadbirlarni olib boradi. Kasallik havo yo‘llari va quruqlikdagi yo‘llar orqali chet ellardan kirib kelishining oldini olish maqsadida 50 dan ortiq chegara kesib o‘tish joylarida kecha-yu kunduz faoliyatdagi sanitariya-karantin punktlari tashkil etilgan.
“Yuqoridagilarni hisobga olib, bizda hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)