Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufidagi “Surxon” davlat qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan fotoqopqon obyektiviga noyob jonivor hisoblangan silovsin tushdi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
![](/static/2023/05/Fozilbek/photo_2023-08-08_12-00-33.jpg)
Silovsin yirtqichlar turkumi, mushuksimonlar oilasiga mansub, tog‘ tekisliklarida, odam bormaydigan qalin o‘rmonlarda yashaydigan o‘rmon yirtqichidir.
Gavdasining uzunligi 1-1,3 metr, dumi 15-20 santimetr, mo‘ynasining rangi yozda malla, juni qisqa bo‘ladi, qishda esa och-kulrangda va juni uzun bo‘ladi. Qulog‘i katta, ichida bir tutam juni bor. Silovsin “Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to‘g‘risida”gi konvensiyaning 1-ilovasiga va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
So‘nggi sanoq natijalariga ko‘ra, qo‘riqxona hududida 24 bosh silovsin borligi aniqlangan.
Fotoqopqonga muhrlangan noyob hayvonlar
2022-yilning oktabr oyida “Surxon” davlat qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan fotoqopqonga manul tushib qolgandi. Shuningdek, “Hisor” davlat qo‘riqxonasi qo‘riqlash xodimlari tomonidan o‘rnatilgan fotoqopqon obyektiviga Turkiston silovsini, “Chotqol” davlat biosfera qo‘riqxonasida esa qor qoploni muhrlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.