O‘zbekistonning qator hududlarida noqonuniy ravishda o‘qishni ko‘chirtirib berish hamda o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
![](/static/2023/05/Fozilbek/photo_2021-11-22_17-42-39dd.jpg)
Qayd etilishicha, departamentning Uchtepa tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIBB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda A.U. ismli shaxs fuqaro J.R.ni tanishlari yordamida 8 ming AQSH dollari evaziga Chimkent davlat universitetida tahsil olayotgani to‘g‘risida hujjat tayyorlab, uning o‘qishini Toshkent tibbiyot akademiyasiga ko‘chirtirib berishini aytib, oldindan 4 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xuddi shunday, departamentning Bekobod shahar bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda O.X. ismli shaxs fuqarolar G.R. va A.A.ning qo‘shni Tojikiston universitetidagi o‘qishini Chirchiq davlat pedagogika universitetiga ko‘chirtirib berish evaziga 6 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, departamentning Qo‘rg‘ontepa tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro D.A. fuqaro M.A.ni Andijon davlat universitetiga 2-bosqichdan o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Departamentning Bekobod tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa M.A. ismli shaxs fuqaro M.F.ni tanishlari yordamida Chirchiq davlat pedagogika universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3,7 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Bog‘ot tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro SH.S. fuqaro G.X.ning ishonchiga kirib, uni Urganch davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3,5 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, departamentning Buloqboshi tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda F.U. ismli shaxs fuqarolar M.O. va G.J.ni qo‘shni Qirg‘izistondagi universitetlardan biriga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 2,8 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Departamentning Chilonzor tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda S.B. ismli shaxs fuqaro M.M.ni tanishlari yordamida qo‘shni Qozog‘iston universitetlaridan birida tahsil olayotgani to‘g‘risida hujjat tayyorlab, uning o‘qishini Toshkent Alfraganus xususiy institutiga 3-bosqichdan ko‘chirtirib berish evaziga 1,3 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Noqonuniy o‘qishga kiritish holatlari
Avvalroq, Farg‘ona, Andijon, Guliston davlat universitetlari va “Narxoz”ga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga pul olgan shaxslar ushlangani xabar qilingandi. Shuningdek, Andijonda o‘qishga kiritishni vaʼda qilib, 4 ming AQSH dollari olgan OTM xodimi qo‘lga olingan edi.