Bu aktrisalar ekzotik ko‘rinishi tufayli ko‘plab loyihalarga taklif qilinadi. Shuning uchun bu Sharq sohibjamollari vaqtni behuda o‘tkazmay, Gollivudni zabt etishga kirishdi.
Fan Binbin
“G‘aroyib odamlar” filmidagi Blinkni eslaysizmi? Unda aktrisa Fan Binbin o‘ynagan bo‘lib, Marvel olamidagi hayotini o‘zgartiruvchi rolidan oldin u Xitoy teleseriallarida ikkinchi darajali qahramonlarni ijro etgan. Superqahramonlar haqidagi filmda rol o‘ynagach, Fan shu qadar mashhur bo‘lib ketadiki, Mattel aktrisaning qiyofasi tasvirlangan cheklangan adaddagi qo‘g‘irchoqlar chiqarishga qaror qiladi. Bularning barchasi Barbi urfga kirmasidan ancha oldin sodir bo‘lgan.
Lyusi Lyu
“Charli farishtalari”, “Billning qotili” — bu loyihalarning hech birini Lyusi Lyusiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Aslida uning karyerasi kollejdan boshlangan: 3-kursda Lyusi “Alisa mo‘jizalar mamlakatida” spektaklida ishtirok etishga qaror qiladi va to‘satdan bosh rolga tasdiqlanadi. Bundan ruhlanib ketgan Lyu o‘zini aktrisalikka bag‘ishlashga qaror qiladi va Los-Anjelesga ko‘chib o‘tadi. Bu yerda u yuzlab kastinglarda qatnashadi, kun ko‘rish uchun ofitsiantlik qiladi. Tez orada u e’tiborga tushadi — hozirda Lyusi kino sanoatining asosiy yulduzlaridan biri.
Mishel Yeo
Hozirda Mishel Yeo — dunyoga mashhur aktrisa. O‘smirlik davrida u raqsga tushishni yaxshi ko‘rgani uchun London Qirollik raqs akademiyasini tamomlagan. Ammo umurtqasidan olgan jarohati sababli xoreografiya bilan shug‘ullana olmaydi.
Ekranlarda birinchi marta 1984-yilda paydo bo‘ladi. Mishel Jeki Chan bilan birga reklama roligida suratga tushadi. Keyinchalik sharq jang san’atlari haqidagi filmlarda rol o‘ynaydi. Ajablanarlisi shundaki, Yeo hech qachon jang san’ati bilan shug‘ullanmagan — raqs mashg‘ulotlari tufayli tryuklarni oson o‘zlashtiradi.
Mishelning shov-shuvli loyihalari orasida Jeyms Bond filmi “O‘lim vaqti emas”, “Matritsa”, “Galaktika qo‘riqchilari”, “Hammasi har joyda va bir vaqtning o‘zida” filmlari alohida o‘rin egallaydi. So‘nggi filmdagi roli unga “Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasida “Oskar” keltiradi.
Chjan Sizi
Chjan Sizi maktabni bitirgach, Xitoyning nufuzli Markaziy drama akademiyasiga o‘qishga kiradi. Ammo mashhur bo‘lishi uchun Chjan uni tugatishi shart emasdi. 19 yoshida u “Uyga yo‘l” filmida debyut qiladi, bir yil o‘tgach esa muvaffaqiyatini “Taqdir qilichi” filmidagi roli bilan mustahkamlaydi.
Amerika kinosidagi birinchi rolini “Tig‘iz vaqt-2” filmida o‘ynaydi. Aytgancha, suratga olish jarayonida Sizi ingliz tilini umuman bilmagan, shuning uchun Jeki Chan suratga olish maydonchasida unga tarjimonlik qiladi.
Hozirda Chjan ingliz tilini juda yuqori darajada biladi, u Kann kinofestivalining hakamlar hay’ati tarkibida ham bo‘ladi.
Keti Lyung
“Garri Potter” filmidagi Chjou Chang roli uchun (Garrining birinchi sevgilisi) Keti 4 500 nafar da’vogar orasidan tanlab olingan.
Hozirda Lyung ko‘proq teatrda o‘ynaydi, lekin kinoda ham ko‘rinib turadi. Uning ishtirokidagi so‘nggi film — bosh rolni Jeki Chan bilan o‘ynagan “Chet ellik” filmi hisoblanadi.