Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida “komfort” maktablar qurilishi boshlandi. Respublika prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning topshirig‘iga binoan “Komfort maktablar” milliy loyihasi doirasida shaharda 24 ta maktab quriladi, deb xabar berdi Tengrinews.
Xabarga ko‘ra, yangi formatdagi ta’lim muassasalari ikki smenada 90 mingga yaqin o‘quvchini qabul qiladi. 24 ta “komfort” maktabning 15 tasi jadal rivojlanayotgan Nura va Yesil tumanlarida barpo etiladi.
Ayni paytda 15 ta shunday maktabni qurish ishlari boshlangan. Ostona shahri hokimi Jenis Qosimbek va Samruk-Kazyna Construction kompaniyasi boshqaruv raisi Maulen Aymanbetov maktab loyihalari va qurilishga tayyorgarlik ishlarining borishi bilan tanishgan.
“Komfort” maktablarning alohida xususiyatlari haqida ma’lumot berilmagan.
Avvalroq Qozog‘iston ta’lim vaziri G‘ani Beysembayev mamlakatda 2023-yilda korrupsionerlar puliga 70 ta maktab qurilishini ma’lum qilgandi. U loyihada yangi maktablar qurishdan tashqari, mavjudlarini ta’mirlash ham ko‘zda tutilganini aytdi. Qozog‘iston Moliya vazirligining maxsus hisobida poraxo‘r amaldorlardan musodara qilingan 120 milliard tenge (278 mln dollar) to‘plangan.
Izoh (0)