Samarqand viloyatining Urgut tumanida arxeologik yodgorliklariga zarar yetkazilgani aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
![](/static/nigora/3-393.jpg)
Prokuratura organlari tomonidan tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga qaratilgan nazorat tadbirlarining birida Urgut tumani “Mingtepa” mahallasida joylashgan “To‘lqirtepa-1” arxeologiya yodgorligining 163 kubometr hajmdagi yer maydoni maxsus texnika yordamida kavlab olinib, tarixiy obyektga 4 milliard so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.
Shuningdek, ushbu tumanning “Quyiqishloq” mahallasida joylashgan o‘rta asrlarga oid “Teshiktepa”, “Dehqonobod” mahallasidagi “Qulqishloqtepa-2” va “Ogahiy” mahallasidagi “Mozortepa” arxeologiya obyektlari qisman buzilishi oqibatida jami 5 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
Tekshirishlar natijasiga ko‘ra jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Mazkur jinoiy qilmishlar qonunchilikka asosan og‘ir jinoyat hisoblanib, aybdor shaxslarga nisbatan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.
Izoh (0)