Misrdan C gepatitiga qarshi dori vositalarining o‘n birinchi turkumi O‘zbekistonga yuborildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Unga ko‘ra, prezidentning 20—21-fevral kunlari Misrga buyurgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar hamda mamlakat rahbarining Gepatit C kasalligini yuz foiz davlat hisobidan davolash bo‘yicha saylovoldi tashabbusi ijrosi doirasida Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida O‘zbekistonga insonparvarlik yordami sifatida ajratilayotgan gepatit C virusiga qarshi “Daklatasvir” dori vositalarining navbatdagi turkumi mamlakatga yuborildi.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi ushbu insonparvarlik ko‘magining navbatdagi o‘n birinchi turkumini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga yetkazib berdi. Ushbu dori vositalari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Misr gepatit V va C viruslariga qarshi kurashda dunyo miqyosida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan. Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisi ushbu kasallikdan butunlay xalos bo‘lgan. Misr sog‘liqni saqlash vaziri Xalid Abdug‘affor joriy yil 21—30-may kunlari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 76-sessiyasida bu haqda maʼlum qilgan edi.
Ushbu mamlakatda C gepatiti virusiga batamom barham berilgani to‘g‘risidagi shahodatnoma Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan Misr hukumatiga taqdim etilishi kutilmoqda. Ko‘p yillar davomida ushbu kasallikdan aziyat chekkan Misr bu kasallikni yengishga muvaffaq bo‘lgan dunyodagi birinchi davlatga aylanadi.
Izoh (0)