“Azovstal” himoyachilarining besh komandiri Turkiyada bo‘lib qaytgan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning samolyotida Lvovga keldi, deb yozmoqda Euronews.
Ukraina ofitserlari Turkiyada qariyb 10 oydan buyon ushlab turilgan edi. Zelenskiy ofisi ularni qaytarishga muzokaralar natijasida erishilganini ta’kidladi, ammo Kiyev ham, Anqara ham tafsilotlarni oshkor qilmadi.
“Ular Ukraina uchun jang qildi, mutlaq qahramonlarcha jang qildi. Ular Rossiya asirligidan o‘tdi. So‘ng Turkiyada 300 kundan ortiq qoldi. Ular uchun vatanga qaytish vaqti keldi”, — dedi Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, “Azovstal”ni himoya qilgan “Azov” jangchilarining besh komandiri 2022-yil may oyida Mariupol boy berilganidan keyin Rossiyaga taslim bo‘lgandi. Sentabr oyida yirik asirlar almashinuvi paytida ular Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning shaxsiy kafolati ostida Turkiyaga yuborildi. “Azovchi”lar urush tugagunga qadar Turkiyada qolishi haqida kelishildi.
Endilikda Kreml Kiyev va Anqarani kelishuvni buzganlikda ayblamoqda.
7-iyul kuni Vladimir Zelenskiy Turkiyaga tashrif buyurib, Erdo‘g‘on bilan uchrashdi. Ular g‘alla kelishuvi, Kiyevning NATOga a’zoligi, mahbuslar almashinuvi, ikki tomonlama hamkorlik va Ukrainani qayta tiklash masalalarini muhokama qildi. Bu Zelenskiyning urush boshlanganidan beri Turkiyaga birinchi tashrifi bo‘ldi.
Erdo‘g‘on Zelenskiy bilan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Ukraina NATOga a’zo bo‘lishga loyiq ekanini aytdi.
Izoh (0)