NATO Tokioda o‘z vakolatxonasini ochish haqidagi qarorni kuzga yoki undan keyinga qoldirmoqchi, deb xabar berdi Nikkei Asia o‘z manbalariga tayanib.
Nashrning yozishicha, alyans uchun Osiyoda birinchi bo‘ladigan NATO vakolatxonasini Yaponiya poytaxtida ochish masalasi Vilnyus sammitida kelishib olinishi rejalashtirilgan edi. Biroq bu masala bo‘yicha kelishuvga erishishning iloji bo‘lmadi, jumladan, bunga “Xitoy bilan munosabatlarini qadrlaydigan” Fransiyaning pozitsiyasi sabab bo‘lgan, dedi gazeta suhbatdoshlari.
Shu bilan birga, NATO va Yaponiya muhokamani davom ettirib, yil oxirigacha bir qarorga kelishga intilmoqda, deb yozadi Nikkei.
Parijning Tokioda NATO vakolatxonasi ochilishiga e’tirozlari haqida avvalroq NHK va Politico nashrlari ham xabar qilgandi. NHK qayd etishicha, Yaponiya harbiy blokning bir qismi bo‘lmasa-da, alyansga potensial a’zolik 11–12-iyul kunlari Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida muhokama qilinadi. Unda Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan anjumanda Ukrainani NATOga yaqinlashtiradigan ko‘p yillik yordam paketi tasdiqlanishini aytib o‘tgandi.
Polsha prezidenti Anjey Duda esa sammitda Ukraina soddalashtirilgan tartib asosida NATOga qabul qilinishiga umid bildirdi.
Izoh (0)