Hindiston shimolidagi Uttar-Pradesh shtatida so‘nggi ikki kun ichida jazirama issiq tufayli kamida 34 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
“Ularning barchasi turli kasalliklardan aziyat chekkan va anomal jazirama tufayli ahvoli yomonlashgan”, — deydi Balliya tumani bosh shifokori Jayant Kumar.
Marhumlarning barchasi 60 yoshdan oshgan. Mahalliy shifokorlar ushbu yoshdagi odamlarga kunduzi uyda qolishni maslahat bermoqda.
Hindiston meteorologiya departamenti maʼlumotlariga ko‘ra, Balliya tumanida maksimal harorat Selsiy bo‘yicha 42,2 daraja va bu meʼyordan 4,7 darajaga yuqori.
Issiqlik to‘lqini Uttar-Pradesh shtati bo‘ylab elektr ta’minotida uzilishlarga olib kelgan, oqibatda vodoprovod va konditsionerlar ishlamay qolgan. Hukumati elektr ta’minotini to‘liq tiklashga va’da bermoqda, aholidan elektr energiyasini tejash so‘ralgan.
Izoh (0)