Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev “Ochiq budjet” loyihalari g‘olibi bo‘lishi uchun 1,5 ming ovoz yetarli bo‘lishini aytdi.
Mahallaning moliyaviy mustaqilligini oshirish bo‘yicha ham qator yangiliklar qilinadi. Bu borada aholidan yig‘iladigan mol-mulk va yer soliqlari yagona mulk solig‘i bo‘lib birlashadi va aholidan undiriladigan qismi mahalla budjetiga to‘liq o‘tkaziladi. Qoraqalpog‘istondagi mahallalar ixtiyorida har yili 230 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ qoladi.
Shuningdek, mamlakat bo‘yicha aholining mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorliklari bo‘yicha 500 milliard so‘m penya kechib yuboriladi.
“Shu bilan birga, mahallalar uchun “Ochiq budjet” imkoniyatlarini yanada kengaytiramiz va unga ajratiladigan mablag‘larni 3 karra oshiramiz. Endi “Ochiq budjet” loyihalari g‘olib bo‘lishi uchun 1,5 ming ovoz yetarli bo‘ladi va ushbu maqsadlar uchun yil yakuniga qadar yana 1,2 trillion so‘m ajratamiz”, — dedi nomzod qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida.
Izoh (0)