Amerikalik xonanda Beyonse Londondagi konserti vaqtida muxlisiga quyoshdan himoya qiluvchi ko‘zoynak sovg‘a qildi. Bu haqda New York Post xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, xonanda Diva qo‘shig‘ini kuylayotgan vaqtida o‘zining ko‘zoynagini muxlislariga qarata uloqtirgan. Ko‘zoynakni 20 yoshli rejissor va kasting-menejer Global Valentino ilib olgan. Shu paytda Beyonsening tan soqchisi muxlisga yaqinlashib, uning qo‘lidan qimmatbaho sovg‘ani olib qo‘ygan. Biroq Beyonsening bundan jahli chiqqan hamda birozdan so‘ng u yana ko‘zoynagini muxlislariga qaratib otgan. Ko‘zoynak yana o‘sha muxlisning qo‘liga tushgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu aksessuar Off-White brendiga tegishli bo‘lib, uning narxi 53 ming dollarni tashkil etadi. Muxlisning aytishicha, ko‘zoynakning chap linzasiga biroz shikast yetgan. U ko‘zoynakni sozlatgani hamda endilikda uni buyuk xazina sifatida asrab-avaylashini aytib o‘tgan.