Bugun, 25-may – O‘zbekistondagi maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Qaysidir sinflar o‘quv yilini tugatayotgan bo‘lsa, bitiruvchi sinflar esa katta hayot ostonasiga qadam qo‘yadi.
“Daryo” nashri vazirlar, deputat, hokim va turli idora rahbarlaridan maktab bitiruvchilariga kelgusida muvofaqqiyatga erishishlari uchun nimalarga ko‘proq ahamiyat berishlari haqidagi tavsiyalarini jamladi.
Siz hammasini uddalaysiz!
Aziz bitiruvchilar, qadrli o‘g‘il-qizlar!
Mana, hayotingizdagi eng hayajonli va unutilmas kun ham yetib keldi — siz maktabni bitirib, mustaqil hayotga qadam qo‘ymoqdasiz.
Men sizlarga maktab davrlariningizni, birinchi sinfdan boshlab sizga ilm sirlarini o‘rgatgan, o‘z mehrini ayamagan o‘qituvchilaringizni har doim iliq xotiralar va mehr bilan yodga olishingizni tilayman.
Aziz o‘quvchilar, vatanimiz ravnaqi yo‘lida o‘z bilimingiz, mehnatingiz bilan hissa qo‘shishingizga ishonaman.
Hurmatli bitiruvchilar, O‘qituvchilaringiz va murabbiylaringizdan olgan barcha yaxshi o‘gitlarni o‘zingizda saqlang, zamonaviy dunyoda muvaffaqiyat qozonishingizga yordam beradigan fazilatlaringizni rivojlantiring, maqsadlaringizga dadil va qatʼiyat bilan boring, intiling va hech qachon ilm yo‘lidan ortga qaytmang.
Siz hammasini uddalaysiz, men bunga ishonaman!
Barchangizga ishda va o‘qishda, shaxsiy hayotda omad va zafarlar tilayman. Doimo sog‘-omon bo‘ling, aziz bitiruvchilar!
Hilola Umarova, maktabgacha va maktab ta‘limi vaziri
Ertaning jonli nigohi bu – siz!
Aziz bitiruvchilar! Sizlarni hayot ostonasidagi muhim qadamingiz – mustaqil bosqichga o‘tayotganingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Ayni damda Sizni katta marralar, chegarasiz imkoniyatlar va ertasi bor sinovlar kutmiqda. Ularga yuzlanarkansiz, ichki istaklaringiz va qobiliyatingizga quloq tuting, marrani keng oling. O‘qishdan, ilmdan kuch olib, rivojlanishdan to‘xtamang. Bu yo‘lda Vatanga sadoqat, millatga hurmat, qat‘iyat, ilmga tashnalik – Sizning qadriyatingiz bo‘lsin.
Kecha, bugun va ertaning jonli nigohi bu – siz. Shu bois kuzatuvchanlik, tahliliy va tanqidiy mushohada, izlanuvchanlik, jasorat tabiatingizga xos bo‘lishi zarur.
Zero, Yangi O‘zbekistonning ilm-fani, madaniyati, qadriyati negizida siz turibsiz, aynan siz shu katta mamlakatimizning ori va g‘ururidirsiz.
Har bir yangi kun – yangi orzular, yangi rejalar va yangi g‘oyalar uchun yaxshi imkoniyat. Doimo yurakda ezgu orzularingiz bo‘lsinki, kun kelib, qat‘iyatingiz va mehnatingiz ularni, albatta, ro‘yobga chiqaradi.
Unutmang, siz buyuk daholar va allomalar avlodisiz, qoningizda mavj urayotgan kuch va g‘ayrat, zakovat va salohiyatni ro‘yobga chiqarish o‘z qo‘lingizda.
Mustaqil hayot yo‘lingizda barchangizga cheksiz omadlar tilayman!
Ibrohim Abdurahmonov, oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vaziri
Umrning har dami g‘animat!
Avvalo, mustaqil hayot sari tashlayotgan ilk qadamlaringiz qutlug‘ va xayrli bo‘lsin!
Niyatim, tilagim: qaysi sohani tanlamang, barchangizda qonunga hurmat hissi shakllanishini juda-juda istar edim. Chunki, har qanday soha faoliyati qonun bilan tartibga solinadi. Qolaversa, huquqiy-demokratik jamiyat deganda birinchi navbatda qonunga itoatkorlik tushuniladi. Qonunga itoatkor inson o‘zining majburiyatlarini teran his etadi, boshqalarning huquqlarini hurmat qiladi. Huquqiy madaniyat degani shu.
Umr - oqar daryo ekanligi rost. Bu hikmat maʼnosi ayon bo‘lsa-da, yoshlikda ko‘pam his qilinavermaydi. Siz mazkur hikmatning maʼnosini hozirdanoq teran his qilishingizni juda-juda xohlayman.
Shoir aytgani kabi umrning har dami g‘animat ekanini bilgan inson hayotning har lahzasi go‘zal ekanini his qilib, undan unumli foydalanish harakatida bo‘ladi.
Biz va bizdan keyingi ko‘p avlodning nafaqat talabalik, hatto o‘quvchi payti ham bir oyog‘i dalada bo‘lgani sizlar uchun ertakka o‘xshasa kerak. Majburiy mehnat degan balo nafaqat kattalar, balki o‘quvchilarni ham chetlab o‘tmagani haqiqat. Bugun bunday muammoning o‘zi yo‘q, shukr. Keyingi uch yilda oliy o‘quv yurtlari soni uch barobar ko‘payib, umumiy soni 160 tadan oshdi. Yoshlari uchun bunday imkoniyat mamlakat tarixda bo‘lmagan.
Demak, o‘qishni, izlanishni hech qachon malol olmang.
Insonni oliy saodatga eltuvchi yo‘l bitta – maʼrifat!
Xolmo‘min Yodgorov, Sudyalar oliy kengashi raisi
Mustaqil hayot sari tashlayotgan ilk qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin!
Bugun quvonchli ayyom – mamlakatimizdagi barcha maktablarda “so‘nggi qo‘ng‘iroq” jaranglab, qariyb 400 ming nafar o‘quvchi yoshlarimiz yetuklik shahodatnomalarini qo‘lga olmoqda.
Shu lahzalarda barcha bitiruvchi uka-singillarimni beg‘ubor o‘quvchilik yillarini ortda qoldirib, qadrdon maktabi, mehribon ustozlari bilan xayrlashib, hayotining yangi, yanada masʼuliyatli bosqichiga qadam qo‘yayotgani bilan chin dildan tabriklayman.
Sizlar unib-o‘sish va rivojlanish uchun jiddiy raqobat maydoniga kirib kelyapsiz. Endi sizda behuda sarflash uchun ortiqcha vaqt yo‘q. Mustaqil hayotda siz uchta asosiy jihatga eʼtibor berishingizni xohlar edim.
Birinchisi, hayotda o‘z oldingizga aniq maqsad qo‘ying. Masalan, til yoki kasb-hunar o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, sizga qancha vaqt va resurs kerakligini aniq belgilab oling. O‘zingizga mahoratli va tajribali ustozlar toping.
Ikkinchisi, tinimsiz mehnat qiling. Bilim va ko‘nikmalaringizni muntazam oshirib boring. Faqat o‘z kuchingiz, bilim va salohiyatingizga ishoning.
Uchinchisi, o‘zingizda shaxsiy masʼuliyat hissini tarbiyalang. O‘zingizga ishoning, ustingizda tinimsiz ishlang. Muvaffaqiyatsizliklarda boshqalarni ayblamay, xatolar uchun masʼuliyatni o‘z zimmasiga olib, yana olg‘a intilish haqiqiy liderning (yetakchining) fazilatidir.
O‘ylaymanki, bu uch omil sizning hayotda o‘z o‘rningizni topishda katta yordam beradi. Suqrot aytganidek, inson hayotdan nima olayotganini emas, unga nima berayotganini anglasa va o‘ylasa, kamolga yetgan bo‘ladi. Men sizlarga mana shunday dunyoqarash bilan yashashdek baxtni tilab qolaman.
Sizlarni maktab taʼlimini muvaffaqiyatli tugatganingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. Mustaqil hayot sari tashlayotgan ilk qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin!
Alisher Saʼdullayev, Yoshlar ishlar agentligi direktori, senator
Doim yuzingiz yorug‘, kelajagingiz porloq bo‘lsin!
O‘z hayot yo‘lida yana bir pog‘ona ildamlab, yangi bosqichni boshlash arafasida turgan maktab bitiruvchilarini chin qalbimdan muborakbod etaman.
Bir narsa aniqki, doim izlanishga, o‘rganishga, yangilik qidirishga intilish, insonni yetuklikka olib chiqadi. Mehnatsevarlik, shijoat, izlanuvchanlik, kreativlik kabi sifatlarini o‘zingizda shakllantiring. Oliy taʼlim muassasalarini tamomlab, bilimlaringizni amaliyotda mustahkamlayotgan paytingizda ham har kuni vaqt topib, yangilik o‘rganishni o‘z odatingizga aylantiring.
Bitiruvchilarga maslahatim, kasb tanlayotganingizda yuragingizga quloq soling. Chunki o‘z kasbini, ishini seva olgan inson ishdan hecham charmaydi, balki zavq oladi. O‘z imkoniyati, salohiyati va qiziqishlaridan kelib chiqib, hayot yo‘lini tanlagan inson o‘ylaymanki hech ham adashmaydi. Xorijiy tillarni o‘rganishga, axborot kommunikatsiya texnologiyalarini o‘zlashtirishga alohida eʼtibor bering. Chunki hozir talab shunday, Siz xorijiy davlatlarga borib O‘zbekiston nomini yanada yuksaltirishingiz, tajriba almashib bilimlaringizni mustahkamlashingiz lozim. Oldingizga katta maqsad qo‘ying va albatta ushbu maqsad sari intiling!
Fursatdan foydalanib, barcha bitiruvchilarga mustahkam sog‘lik, kuch-quvvat, shijoat va ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Doim yuzingiz yorug‘, kelajagingiz porloq bo‘lsin!
Feruza Eshmatova, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)
O‘rganish va izlanishdan aslo charchamang!
Sizlarni maktablarimizni muvaffaqiyatli tamomlab, beg‘ubor o‘quvchilik yillaringizni ortda qoldirib mustaqil hayot sari ilk qadam tashlayotganingiz bilan chin dildan tabriklayman.
Mustaqil hayot go‘zal va jozibali, albatta. Shu bilan bir qatorda sizdan katta masʼuliyat va ulkan shijoat ham talab etadi. Ishonamanki, jonajon maktablaringizda mehribon ustoz-murabbiylaringizdan olgan taʼlim-tarbiyangiz hayot yo‘llaringizni o‘chmas mashʼala misol hamisha yoritib turadi.
Maktabni tamomlamasdan turib Garvard, Chicago, Kaliforniya, Pensilvaniya, Kardiff, Arizona, Nottingem kabi dunyoning nufuzli Oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilinganingiz bilan tabriklayman.
Qadrli o‘qituvchi va ustozlarimiz!
Shunday hayajonli daqiqalarda Sizlarning sharafli va masʼuliyatli kasbingizga sadoqat va fidoiylik bilan yondashib, har bir o‘quvchini o‘z farzandingizday bilib ularga bilim berganingizni alohida taʼkidlab o‘tmoqchiman.
Muhtaram muallim va murabbiylar Sizlarning zamon bilan hamnafas fikrlashingiz, o‘z ustingizda tinimsiz mehnat qilayotganingiz, izlanish va talabchanligingiz, qolaversa, mashaqqatli xizmatlaringiz sabab o‘quvchilarimiz barcha sohalarda yuksak marralarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Aziz o‘quvchilar. o‘rganish va izlanishdan aslo charchamang, Barchangizga o‘qish va ishlaringizda omad tilayman!
Alisher Ubbiyev, Ixtisoslashtirilgan ta‘lim muassasalari agentligi direktori
Dadil qadam tashlang!
Aziz bitiruvchilar, qadrli yoshlar! Sizlarga aytadiganim - hayotda har doim eng yuksak cho‘qqilarni zabt etishni maqsad qiling, olg‘a intiling, dadil qadam tashlang.
Bunda mehnatkash va masʼuliyatli bo‘ling! Qaysi sohani tanlasangiz ham yutuqlar, omad va yuqori natijalarning oltin qoidasi aynan shu ikkita omildir - mashaqqatli mehnat va yuksak masʼuliyat!
Albatta biznesmi, davlat xizmatimi yoki ijodmi, barcha harakatlarimiz zaminida - Vatanimiz va xalqimizni yaxshi ko‘rish bo‘lishi kerak! Ana o‘shanda yuksak marralar sizniki bo‘ladi.
Boshlanayotgan mustaqil hayotingizda ulkan zafarlar tilayman. Maqsadingiz aniq, yo‘lingiz ravon, manzilingiz muvaffaqiyatli bo‘lsin!
Omad sizlarga hamisha yor bo‘lsin!
Sherzod Kudbiyev, iqtisodiyot va moliya vaziri
Bilim olishda hamisha davom eting!
Qadrli bitiruvchilar, bugun mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlar! Avvalo, barchangizni shu unutilmas hissiyotli damlar, yillar o‘tsa-da, xotirangizdan o‘chmaydigan tantanavor kayfiyat, bayramona shukuh bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Bugun sizlarning hayotingizda eng quvonchli kun! 11 yil mobaynida bir oila aʼzolaridek bo‘lib qolgan sinfdoshlarning har biri ertadan boshlab o‘zining shaxsiy hayotini qurishga kirishadi. Kimdir tahsilni oliy o‘quv yurtida davom ettirsa, yana kimdir kasbga mehr qo‘yib, halol mehnati bilan oilasiga, yaqinlariga qanot bo‘ladi.
Qayerda bo‘lmang, maktabda ustoz va murabbaylaringizdan olgan bilimlaringiz sizga asqatishiga, kelgusida ularni yanada mustahkamlab borishingizga ishonaman. Vatanimizning ertangi taraqqiyoti uchun o‘z hissangizni qo‘shishingizga aminman.
Barchangizga sihat-salomatlik, ish va o‘qishlaringizda kattadan-katta muvaffaqiyatlar tilayman!
Maktab dargohidagi so‘nggi, mustaqil hayot yo‘lingizdagi ilk qo‘ng‘irog‘ingiz muborak bo‘lsin! Bilim olishda hamisha davom eting!
Jo‘rabek Mirzamahmudov, energetika vaziri
Eng to‘g‘ri yo‘l mehnatsevarlik!
Bugundan eʼtiboran har bir maktab bitiruvchisi uchun mustaqil hayot yo‘llari boshlanadi. Albatta, barchangiz hayotda yutuqlarga erishishda ilm olishingizga, sabr bilan mehnat qilishingizga to‘g‘ri keladi. Quvonarlisi, bugun yurtimizda yoshlarning ilm olishi, kasb-hunar egallashi uchun yetarli sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Shunday ekan kelajakda o‘z sohangizning yetuk mutaxassisi bo‘lishingizga aminman. Bu borada esa o‘zingizning iqtidoringiz va qiziqishingizdan kelib chiqib, qaysi oliy taʼlim muassasasida o‘qish bo‘yicha ota-onangiz va ustozlaringiz bilan maslahatlashib, to‘g‘ri tanlov qilishingiz kerak bo‘ladi.
Shuni unutmangki, hayotda muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishning eng to‘g‘ri yo‘li mehnatsevarlik, aql va idrok bilan fikrlash, halol va rostgo‘y bo‘lishdir. Ana shu jihatlarga amal qilgan kishi hayoti davomida farovon yashaydi.
Fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha maktab bitiruvchilariga, avvalo, sog‘lik-salomatlik, kelgusi o‘qish va ishlarida ulkan zafarlar tilayman. Sizlarni baxt va omad aslo tark etmasin.
Aziz Abduhakimov, tabiat resurslari vaziri
“Kelajakka ishonch bilan boqing!”
Bugun siz - maktab bitiruvchilari katta hayot bo‘sag‘asida turibsiz. Bu hayotning yangi, masʼuliyatli bosqichi. Bilasizmi, baʼzan yuqori cho‘qqilarni zabt etish imkonsizdek tuyuladi. Yuksak marralar faqat omadli va iqtidorlilar uchun, degan fikrga kelamiz. Ammo, unday emas. Barcha muvaffaqiyatlar eng avvalo tinimsiz mehnat va harakat orqali keladi. Ishoning, egallab bo‘lmaydigan bilim, o‘zlashtirish mumkin bo‘lmagan ko‘nikmaning o‘zi yo‘q. Kelajakka ishonch bilan boqing! Orzularingiz yo‘lida izlaning, mashaqqatli yo‘l faqatgina omad sari boshlashini aslo unutmang.
Men sizning chaqnoq nigohlaringizga boqib buyuk insonlar, shu jumladan faxriy quruvchilarni ko‘raman. Mamlakatimizning bunyodkorlik sohasini rivojlantirishda bor kuch-g‘ayrati, iqtidorini sarflashga tayyor, zamon bilan hamnafas fikrlovchi yoshlar borligidan quvonaman.
Siz jamiyatning ertangi kelajagi, uning faol aʼzosi, mamlakatimiz salohiyatini belgilovchi buyuk kuchsiz. Ishonchim komilki, Yangi O‘zbekistonning munosib poydevorlari sifatida ota-onangiz va ustozlaringiz yuzini yorug‘ qilasiz.
Orzularingiz, maqsadlaringiz bugungi islohotlar singari ulkan, erishadigan marrangiz, ko‘tariladigan shoxsupangiz esa osmono‘par binolardek baland bo‘lsin!
Botir Zakirov, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri
“Qadamlaringiz qutlug‘ bo‘lsin!”
Siz uchun bugun o‘ta hayajonli bo‘lgan kun – maktab taʼlimini muvaffaqiyatli bitirib, katta, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotganingiz bilan samimiy tabriklaymiz.
O‘quv jarayonida Siz uchun qadrdon bo‘lib qolgan maktabingizda qo‘lga kiritgan bilimlar, mehribon ustoz va murabbiylaringizdan olgan taʼlim-tarbiya va o‘gitu-nasihatlar umringizning yangi, masʼuliyatli bosqichlarida ulkan yutuq va omadlar olib kelishiga tilakdoshmiz.
Yurtimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng ko‘lamli imkoniyatlardan samarali foydalanib, kelgusida chinakam vatanparvar va fidoyi inson bo‘lib yetishingizga ishonamiz.
Kelajakdan umid qilgan barcha ezgu orzu va niyatlaringiz amalga oshsin, yangi hayot sari qo‘yayotgan qadamlaringiz qutlug‘ bo‘lsin!
Laziz Qudratov, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri
“Har doim birinchi bo‘ling!”
Aziz bitiruvchilar! Bugun siz va oilangiz uchun hayajonli kun — maktabda o‘qishni tamomlayapsiz, sizlar uchun so‘nggi qo‘ng‘iroq chalinadi. Ammo o‘qish, o‘rganish, ilm olish tamom bo‘lmaydi, u butun umr davom etadi.
Endi yaqin kelajakda oldingizda qator masʼuliyatli vazifalar turibdi. Ularni hal qilish uchun birinchi qadamni tashlashingiz kerak. Imkon qadar olgan bilimlaringizni to‘plab, o‘zingiz orzu qilgan taʼlim muassasasiga o‘qishga kiring, imtihonlarda yaxshi va aʼlo natijalarni ko‘rsating. Siz mustaqil hayotni boshlayapsiz, kattalar safiga qo‘shilyapsiz, lekin bir maslahatim — qalbingizda har doim bolalarcha bo‘lib qoling, o‘sha-o‘sha qiziquvchan, o‘sha-o‘sha g‘ayratli, o‘sha-o‘sha quvnoq.
Har bir zamonda yoshlar taraqqiyotning faol drayveri bo‘lib kelgan. Bugungi O‘zbekiston uchun ham sizlarning rolingiz muhim. Bilimli, keng dunyoqarashli, shijoatli yoshlarsiz yangi o‘zgarishlarni qilib bo‘lmaydi, iqtisodiyotni, fan va ijtimoiy sohani rivojlantirish imkonsiz. Shu bois inson kapitali, taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga salmoqli investitsiyalar kiritilmoqda. Maqsad bitta — ustuvor sohalar bo‘yicha salohiyatga, tanqidiy tahlil qilish ko‘nikmalariga ega, zarur paytda to‘g‘ri qarorlar qabul qila oladigan o‘zbek avlodini shakllantirish.
Bitiruvchi yoshlarimiz oldida aql bovar qilmaydigan imkoniyatlar mavjud. “Qaysi yo‘ldan borsam ekan?” deb tanlashga ham ikkilanib qolasiz, ehtimol. Eng muhimi, o‘z yo‘lingizni topa olishingizda. Bu esa yana bilim, salohiyat, isteʼdod, qobiliyat, harakat va intilishga bog‘liq.
Har doim birinchi bo‘ling! Barcha g‘oya va tashabbuslaringiz amalga oshsin. Baland-baland cho‘qqilarni zabt eting. Hayotingizning yangi sahifalariga xush kelibsiz!
Bobur Bekmurodov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, deputat
“Maqsadlar uchun halol kurashing!”
Qadrli uka-singillar! Barchangizni hayotingizning yangi bosqichiga qadam qo‘yayotganingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Endi shunchaki orzu-xayol emas, ularni amalga oshirish uchun astoydil harakat qilish fursati keldi.
Avvalo, hayotingizda katta maqsadlarni belgilab oling: siz uchun nima muhim? Kelajagingiz qanday bo‘lishini bugungi tanlov va harakatlaringiz belgilaydi.
Hech qachon tanish-bilishchilikka, kimningdir mansabu-martabasi, amalu-vakolatiga tayanib ish ko‘rmang, aksincha jamiyatdagi bunday illatlarga, g‘irromlik va adolatsizliklarga duch kelganda jim turmang – haq-huquqlaringizni biling, manfaatlaringizni himoya qiling.
Maqsadlar uchun halol kurashing!
Ishoning, hech kim sizning haqqoniy yutuqlaringiz sababchisi bo‘la olmaydi, kelajagingizning yaratuvchisi, muvaffaqiyatlaringizning kafolatchisi — faqat o‘zingiz. Bilimingiz kuchli, salohiyatingiz yuqori bo‘lsa, har yerda, har qachon o‘z imkoniyatlaringiz darajasini, shubhasiz, ko‘rsata olasiz.
Buning uchun birinchi navbatda o‘zingizda ishonch bo‘lsin. O‘z-o‘ziga ishonch — ko‘p bilish va o‘rganishning mahsuli, shu sababli yangiliklarga doim ochiq bo‘ling, o‘zingizni rivojlantirishdan to‘xtamang, noodatiy fikrlashdan qo‘rqmang.
To‘g‘ri, bularning bari sizdan ko‘p mehnat talab qiladi, kezi kelganda ayrim to‘siq va qiyinchiliklarni yengishga, baʼzida esa muvaffaqiyatsizliklarni tan olishga to‘g‘ri keladi, lekin bular aslida foydali tajriba va yangidan boshlash imkoniyati degani. Shu sababli har qanday holatda ham orzu-imkoniyatlaringizni osonlikcha boy berib qo‘ymang!
Akmal Burxanov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori
“Hamma ham qila olmaydigan maqsadlarni oldingizga qo‘ying”
Bitiruvchilar, katta hayot ostonasidagi yoshlar o‘zi tanlagan soha va mutaxassilik bo‘yicha istiqbolli, qilish mushkul bo‘lgan va hamma ham qila olmaydigan 3-5 va 10 yil muddatga mo‘ljallangan katta va istiqbolli maqsadlarni qo‘yib, bu maqsadlarga erishish yo‘lida qiyinchilikdan qo‘rqmasligi, mehnatdan qochmasligi, faqat faollik, ildamlik va tashabbuskorlik bilan harakat qilishi muhim deb hisoblayman.
Tilagim, O‘zbekiston va shahrimiz yoshlari yurtimiz va dunyo tarixida oilasi, vatani, umuman, insoniyat uchun faqat yaxshilik keltirgan degan ezgu nom bilan qoladigan yetuk shaxslar bo‘lishsin!
Shavkat Umrzoqov, Toshkent shahri hokimi
“Qiyinchiliklarni matonat bilan yengib o‘tishi lozim”
Birinchidan, har bir bitiruvchi hayotida aniq bir strategik maqsadni belgilab olib, aniq bir mutaxassislikni tanlab, ushbu yo‘nalishda chuqur bilim olishi shart;
ikkinchidan, yuksak natijalarga erishishni maqsad qilgan har qanday shaxs hayotda uchraydigan qiyinchiliklarni sabr va matonat bilan yengib o‘tishi lozim;
uchinchidan, qiyinchiliklarni yengib o‘tishda insonning eng yaqin do‘sti uning ota-onasi va o‘qigan kitoblari hisoblanadi.
Bahodir Begalov, Statistika agentligi direktori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor
“Orzu qilishdan to‘xtamang”
Yangi avlod, albatta, avvalgilaridan juda farq qiladi. Siz izlanuvchan, jasur, texnologik, shijoatli, bugungi katta hayotga qadam qo‘yayotgan va mamlakat kelajagini belgilovchi kechagi bolalarsiz.
Bugun siz uchun yangi hayot boshlanmoqda, juda ajoyib damlar. Omadingiz kelib yo‘lingizda yaxshi ustozlarni uchratishingiz juda muhim, shunda siz o‘zingiz yoqtirgan kasbga ega bo‘lasiz va o‘z ishingizni mamnuniyat bilan bajaradigan bo‘lasiz. Insonning, kompaniyaning va hatto butun mamlakatning muvaffaqiyati aynan shunga bog‘liq.
Eng muhimi, orzu qilishdan hech qachon to‘xtamang va ular qanchalik erishib bo‘lmasdek tuyulmasin, o‘z oldingizga maqsadlar qo‘yishdan qo‘rqmang. O‘zingizga ishoning va shunda barcha niyatlaringiz albatta amalga oshadi! Omad!
Ra‘no jo‘rayeva, Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi
“Haqqoniy tarixni yoritish qo‘llaringizda”
Bugun hayotning yana bir bosqichini tugatib, yangi bosqichga qadam tashlayapsiz. Bu yangi bosqich hayotning eng oltin bosqichidir. Eng avvalo maktabni muvaffaqiyatli bitirib olgan barcha bitiruvchi yoshlarni chin qalbimdan tabriklayman.
Hozirda o‘z yo‘lingizni topishingiz uchun imkoniyatlar juda ham katta, bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermasdan faqatgina o‘qishni, ilm olishni va yuksak tajriba orttirishni o‘ylang.
Hujjatsiz tarix, tarixsiz millatni tasavvur qilish nihoyatda murakkabdir. Albatta tarixni o‘rganish - kelgusida xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun muhim omillardan biridir. Va ushbu yo‘lda tarixda haqqoniylikni o‘rganish maqsadida eng asosiy manba hisoblangan arxiv hujjatlarini o‘rganish juda ham katta vazifa hisoblanadi. Ciz yoshlar albatta tarixni o‘rganishingiz, tarixni yaxshi bilishingiz, tarixni arxiv hujjatlari bilan o‘rganish uchun harakat qilmog‘ingiz lozim. Haqqoniy tarixni yoritish esa, siz aziz yoshlarning qo‘llaringizda.
Arxiv hujjatlari asosida tarixni o‘rganish uchun siz yoshlarni arxivlarimizga taklif etib qolamiz. Sizlarga o‘qishlaringizda, kelgusi mustaqil hayotingizda omadlar tilab, Vatanimiz ravnaqi uchun, xalqimiz manfaati uchun xizmat qilishingizda sizga kattadan katta muvaffaqiyatlar tilab qolaman.
Ulug‘bek Yusupov, “O‘zarxiv” agentligi direktori
Haqiqiy lider oson yo‘lni tanlamaydi!
Bugun hayotingizda muhim qadamni qo‘ydingiz. Sizga taʼlim-tarbiya bergan aziz ustozlar, qadrdon maktab partasi, sinfdoshlardan uzoqlashish arafasidasiz. Bu esa mustaqil hayotning ostonasi degani. Hozirgi shasht va shijoatingiz, oldingizga qo‘ygan ulkan maqsadlaringiz, siz tanlagan to‘g‘ri yo‘lda hamroh bo‘lsin!
Bu yurt hamisha yoshlariga tirgak, yelkadosh bo‘lishga tayyor. Yodingizda tursin, raqobat va qiyinchiliklar sizni kuchli qiladi. Haqiqiy lider oson yo‘lni tanlamaydi. Hayotning o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarida qoqilganda qayta tura olishingiz matonatingiz belgisi bo‘ladi. Maqsadlaringiz sari hamisha mardonavor yuring.Kelajakda fidoyi, xalqparvar, ona vataniga sadoqatli kadr — davlat xizmatchisi sifatida mamlakatimizni yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishingizga ishonaman.
Otabek Hasanov, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari
Vatan taraqqiyoti – Sizning qo‘lingizda!
Aziz bitiruvchilar, kelajagimiz bunyodkorlari! Sizlar maktab deb atalgan muqaddas taʼlim dargohini bitirib, mustaqil hayotga qadam qo‘ymoqdasiz. Bugun “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!” shiori ostida bo‘lib o‘tgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari Sizlarni ilm olish, kasb-hunarli bo‘lish, dunyodagi rivojlangan mamlakatlar yoshlaridan kam bo‘lmagan darajada salohiyatli kadrlar bo‘lib yetishish sari chorlaydi.
Buning uchun esa Yangi O‘zbekistonimizda bugun barcha sharoit va imkoniyatlar muhayyo. Faqat ulardan unumli va o‘rinli foydalansangiz kifoya. Hurmatli Yurtboshimizning Siz azizlarga yo‘llagan bayram tabriklaridan yanada kuch olgan holda, barchangizni tinimsiz ravishda o‘z ustingizda ishlash, halol mehnat qilish, ona-Vatanni sevish, uning taraqqiyoti yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilish uchun bel bog‘lashga chorlab qolaman!Ijod va mehnat yo‘llaringiz ravon, hayotingiz charog‘on, barcha ezgu tilaklaringiz ijobat bo‘lsin!
Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Qo'ldoshev Abdulla Hamidullayevich
Maʼlumot uchun, joriy yilda 10 ming 118 ta maktabni 391 ming 568 nafar bitiruvchi tamomladi.
Izoh (0)