JSST rahbari Tedros Gebreyesus “O‘zbekiston sog‘liqni saqlash a’lochisi” bo‘ldi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Jenevada o‘tayotgan Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasi doirasida JSST rahbari Tedros Gebreyesus bilan uchrashdi.
Muloqotda asosiy e’tibor O‘zbekistonda ushbu tashkilot ko‘magida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi va istiqbollari muhokamasiga qaratildi. Amrillo Inoyatov O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishda ko‘rsatilayotgan beg‘araz yordam uchun Tedros Gebreyesusga minnatdorlik bildirdi.
Qayd etilishicha, JSST rahbari ham O‘zbekiston tibbiyotida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Ayniqsa, silga qarshi kurash borasida amalga oshirayotgan ishlari boshqa davlatlarga o‘rnak bo‘lishini ta’kidladi.
Muloqot yakunida JSST bilan O‘zbekistonning samarali hamkorligini ta’minlashga qo‘shayotgan hissasi uchun Tedros Gebreyesusga “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi.
Izoh (0)