O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Pro-Liga 9-turi doirasida 20-may kuni bo‘lib o‘tgan o‘tgan “Dinamo” — “Qo‘qon-1912” uchrashuvidan (3:3) keyin mehmonlar bosh murabbiyi Muhsin Nizomiddinov tomonidan aytilgan gaplar yuzasidan bayonot berdi.
Qo‘qonliklar ustozi uchrashuvdagi hakamlikdan norozi bo‘lgandi.
Hamma ko‘rdi, muxlislar ham guvoh bo‘ldi, o‘yin durang natija bilan yakunlandi. “Dinamo”ga hech qanday xusumatim yo‘q. Biroq bu o‘yin ko‘rsatib turibdi, Samarqand jamoasi hakamlar yordamida Pro-Liga o‘yinlarini yutayapti. Ular bejizga 2-o‘rinda borayotgani yo‘q. Bunaqada o‘zbek futboli rivojlanmaydi.
Hakamlar golni bekor qiladi yoki penalti qo‘ymaydi. Ularning ishini ko‘rib chiqishlarini so‘rayman. Ortda qolgan o‘yinlarda hakamlar haqida bironta so‘z aytmadim. Bironta golimizda qoidabuzarlik ko‘rmadim. Andishani otini qo‘rqoq qo‘ymanglar. Bunaqangi hakamlik bilan kuchli tomon yuta olmaydi.
“Dinamo”ning avvalgi o‘yinlarini ham ko‘rdim. Masalan, “Xorazm” yoki “Yunired” ham “Dinamo” bilan o‘yinlarda mag‘lubiyatga loyiq emasdi. Mutaxassis sifatida aytaman, bu o‘yin menda shubha tug‘dirdi. Biz ham o‘sha jamoalar kabi holatni boshimizdan o‘tkazdik, — degan Nizomiddinov.
Shuningdek, mutaxassis “Qo‘qon-1912” gol urgan vaziyatda hakamlar avvaliga golni hisobga olib, keyinroq ofsayd qayd etib, golni bekor qilganini tushunmaganini aytdi. Mazkur o‘yinda VAR tizimi bo‘lmagan va hakamlar qarorni nima sababdan o‘zgartirgani mutaxassisga tushunarsiz bo‘lgan.
O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasi Muhsin Nizomiddinov tomonidan qilingan bayonotning qanchalik asosli ekanligini o‘rganayotgani va bu borada tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.
Izoh (0)