Buxoro shahrida 42 nafar nepallik fuqaroni qariyb 125 ming dollarga chuv tushirganlar qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, 2022-yilning sentabr oyida Buxoro shahar Shota Rustaveli ko‘chasida yashovchi, 1991-yilda tug‘ilgan Y.D. ismli ayol bir guruh shaxslar bilan jinoiy til biriktirgan. Ular 42 nafar Nepal fuqarosini O‘zbekistonga chaqirib, ularga viza olib berish va Yevropa davlatlariga jo‘natish vaʼdasini bergan.
Ushbu chet el fuqarolaridan jami 124 500 AQSH dollari miqdoridagi pullarni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritib, pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Y.D. ismli ayol boshchiligidagi jinoiy guruhga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)