Afg‘onistonda hokimiyat tepasida turgan “Tolibon” harakati butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlikni ta’minlashga erishilgani va korrupsiyaga barham berilgani haqida e’lon qildi. “Tolibon” hukumati bosh vaziri Muhammad Hasan Oxundning Ramazon hayiti munosabati bilan yo‘llagan murojaatida shu haqda aytilgan.
“Afg‘oniston Islom Amirligi (“Tolibon” o‘z hukumatini shunday ataydi — “Daryo” izohi) butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlikni taʼminlab, dushmanlarning barcha makkor rejalarini barbod qildi. Muhammad Hasan Oxund barcha davlat muassasalarida korrupsiya va o‘zlashtirishga barham berilganini, amirlik rahbariyatining eshiklari barcha afg‘on xalqi uchun ochiq ekanini qo‘shimcha qildi”, — deyiladi Hasan Oxundning idorasi tarqatgan xabarda.
19-aprel kuni “Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda Ramazon hayiti munosabati bilan yo‘llagan murojaatida Afg‘oniston boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashish niyatida emasligini va boshqa davlatlardan ham shuni kutishini ta’kidlagan edi. U “Tolibon” rasmiylarini adolatli ish ko‘rishga va har qanday diskriminatsiyadan qochishga chaqirgan.
Shuningdek, Haybatulloh Oxundzoda din peshvolariga xalqni toliblarga qarshi har qanday isyondan qaytarishni buyurgan.
Izoh (0)