Amerikalik biznesmen Ilon Mask Tesla kompaniyasining moliyaviy hisobotlari e’lon qilinishi, shuningdek, Starship raketasi portlashi fonida bir kun ichida (20-aprel) o‘z boyligining 7 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi, deb xabar bermoqda Bloomberg.
Kuni kecha SpaceX kompaniyasi dunyodagi eng katta Starship raketasini uchirgan edi, raketa parvozdan atigi 5 daqiqa o‘tib, 38 kilometr balandlikda portlab ketdi.
Bundan tashqari, Maskning elektromobil ishlab chiqaruvchi Tesla kompaniyasi ham o‘z foydasi 24 foizga kamaygani haqida hisobot e’lon qildi. Shu fonda uning aksiyalari narxi 9,75 foizga pasaydi.
Shu tariqa, tadbirkorning boyligi 12,6 milliard dollarga qisqarib, 2023-yil boshidan beri eng katta kunlik yo‘qotishga aylandi. Hozirda tadbirkorning boyligi 164 milliard dollarga baholanmoqda. Shunga qaramay, Mask fransuz milliarderi Bernard Arnodan keyin dunyoning ikkinchi eng boy odami bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 20-apreldan boshlab Ilon Maskka tegishli Twitter ijtimoiy tarmog‘ida oyiga sakkiz dollarlik obuna pulini to‘lashni istamagan millionlab foydalanuvchilarning akkauntlaridan ko‘k “galochka”lar olib tashlana boshladi.
Izoh (0)