Rossiyaning Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi tojikistonlik T.M.Nazarovni 21 ta jinoyat sodir etganlikda ayblab, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FXX) Moskva va Moskva viloyati bo‘yicha matbuot xizmati bayonotiga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Nazarov terrorchilik faoliyatini tashkil etish va unda ishtirok etish, qurol, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni qonunga xilof ravishda olish, saqlash yoki olib yurish, noqonuniy ravishda portlovchi qurilmalarni tayyorlash bo‘yicha aybdor deb topilgan.
Nazarovga umrbod qamoq jazosidan tashqari 1,5 million rubl miqdorida jarima ham belgilandi.
Shu bilan birga, FXX Tojikiston fuqarosi qachon hibsga olingani va unga qachon hukm chiqarilgani haqida ma’lumot bermagan.
“Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlari ISHID xalqaro terrorchilik tashkiloti yetakchilaridan biri, Tojikiston respublikasi fuqarosi, 1989-yilda tug‘ilgan Nazarov T.M.ning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘ydi. Aniqlanishicha, Nazarov ISHID tarafdori bo‘lib, qo‘lbola portlovchi moslamalar yordamida Moskva viloyati va Novosibirskda qo‘poruvchilik va teraktlar sodir etish maqsadida terrorchilik yacheykasini tashkil etgan, unda esa odamlar gavjum joylarda, shuningdek, Rossiya temiryo‘llari obyektlarida portlash sodir etish rejalashtirilgan”, — deyiladi bayonotda.
FXX matbuot xizmatining qayd etishicha, Nazarov o‘zi Suriyada bo‘lgan vaqtida Tojikiston fuqarolarini ISHID safiga jalb qilgan.
“Xorijiy sheriklar bilan o‘zaro hamkorlik natijasida Rossiya FXX xodimlari Nazarovni Suriya arab respublikasi hududida aniqlab, qo‘lga oldi, shundan so‘ng u Rossiyaga olib ketildi. Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida yacheyka tarkibiga kirgan terroristlar ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortildi. Shunday qilib, ko‘rsatilgan terrorchilik yacheykasi faoliyati tugatiladi. O‘tkazilgan tergov harakatlari T.M.Nazarovning aybiga oid to‘liq dalillarni to‘pladi”, — deya qo‘shimcha qildi FXX matbuot xizmati.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)