Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoda xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida ishtirok etmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Davlat rahbari ilgari surgan ikkinchi tashabbusga ko‘ra, viloyatning 11 ta tuman va shahri Xitoy modeli asosida sanoatga ixtisoslashadi, har birida innovatsion texnoparklar tashkil qilinadi.
Ularda:
- elektrotexnika, biofarmatsevtika, kimyo, qurilish materiallari, ipak va oziq-ovqat sanoatida innovatsion loyihalar amalga oshiriladi;
- erkin iqtisodiy zona maqomi beriladi va “bojxona hududida qayta ishlash” rejimining soddalashgan tizimi joriy qilinadi;
- ishlab chiqarish binolari namunaviy loyihalar asosida qurilib, tadbirkorlarga “sanoat ipotekasi” orqali tayyor holda beriladi;
- joriy yilda texnopark infratuzilmasiga 200 milliard so‘m ajratiladi.
Investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Sirdaryoda O‘zbekiston-Xitoy investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu jamg‘arma Xitoyning nufuzli Ipak yo‘li fondi va boshqa moliyaviy tashkilotlari bilan birga tashkil qilinadi. Jamg‘armaga 1 milliard dollar sarmoya olib kelinadi.
Izoh (0)