O‘zbekiston 2022-yilda yangi olma importini keskin oshirgan. Xorijdan olma sotib olish yil davomida 2,5 barobarga oshgan va rekord darajadagi 26 700 tonnaga yetgan. Bu haqda EastFruit xabar bermoqda.
O‘zbekiston importchilari 2022-yilda Erondan olmaning asosiy hajmini xarid qildi — 15 700 tonnadan ortiq. Eronning o‘zi 2022-yilda hosil yetishmasligi sababli olma eksportining umumiy hajmini keskin qisqartirgan bo‘lsa ham O‘zbekistonga olma yetkazib berish 3,7 barobarga ko‘paydi.
O‘zbekiston bozoriga olma yetkazib beruvchilar reytingida ikkinchi o‘rinda Polsha bo‘lib, uning hissasiga barcha importning 15 foizi yoki 4 100 tonna olma to‘g‘ri keladi. Polshadan O‘zbekistonga yetkazib berish eng keskin o‘sdi — 2021-yilga nisbatan 41 barobar.
Rossiya boshlagan urush va O‘zbekistonga logistika narxi keskin ko‘tarilganiga qaramay, Ukraina ham O‘zbekistonga olma eksportini sezilarli darajada oshirdi — 7,7 barobar ko‘payib, 2 200 tonnaga yetdi.
Bu Ukrainaga Moldovadan oldinga o‘tib ketishga imkon berdi, u yetkazib berishning atigi 67 foizga — 2 000 tonnagacha oshirdi.
Turkiya O‘zbekiston bozoriga yirik olma yetkazib beruvchilar orasida beshinchi o‘rinni egalladi va uning olma yetkazib berish hajmi yil davomida deyarli o‘zgarmadi — 1100 tonna.
2022-yilda O‘zbekistonga olma importi geografiyasining sezilarli o‘sishi e’tiborga molik. Yuqorida sanab o‘tilgan mamlakatlardan tashqari, Xitoy, Qozog'iston, Tojikiston, Litva, Qirg'iziston, Rossiya, Ozarbayjon, Fransiya, Vengriya, Latviya, Niderlandiya kabi mamlakatlardan ham yangi olma ulgurji hajmlari yetkazib berildi.
O‘zbekiston olmaning asosiy hajmini fevral, mart va aprel oylarida import qiladi, shundan so‘ng mamlakat janubiy viloyatlaridan yangi hosilning mahalliy bozorga chiqarilishi natijasida import keskin kamayadi.