O‘zbekistonda Ishbilarmonlik faolligi indeksi (IFI) 2023-yil yanvar oyida 1001 birlikni tashkil etib, dekabr oyiga nisbatan 0,1 foizga mo‘tadil oshgan. Bu haqda “Daryo”ga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.
Shu bilan birga, ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ham 15 foizlik o‘sish qayd etildi.
Komponentlar darajasidagi o‘zgarishlar
2023-yilning yanvar oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan oyga nisbatan 0,1 foizga oshib, 1001 birlikni tashkil etishi, quyidagi komponentlar darajasidagi o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lgan:
- korxonalarning bank hisobvaraqalaridagi operatsiyalar soni 26,3 foizga kamaygan;
- faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar bo‘yicha komponent 2,9 foizga kamaygan;
- Tovar-xom ashyo birjasida xomashyo sotib olish jadalligi 19,2 foizga oshgan;
- tovar belgilari bo‘yicha komponent 74,5 foizga oshgan.
Hududlar kesimida Jizzax viloyatida eng yuqori o‘sish sur’ati qayd etilgan.
2023-yil yanvar oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi 6 ta hududda o‘tgan oyga (2022-yil dekabr) nisbatan o‘sish kuzatilgan. Jizzax (38 foiz), Sirdaryo (29,9 foiz), Farg‘ona (27,9 foiz) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (35,6 foiz) sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan.
Shu bilan birga ushbu ko‘rsatkich 8 ta hududda kamaygan. Xususan, Navoiy (-26,9 foiz), Qashqadaryo (-8,1 foiz) viloyatlari va Toshkent shahrida (-7,4 foiz) o‘tgan oyga nisbatan sezilarli darajada kamayish kuzatilgan.