Jahon oltin kengashining (WGC) dastlabki maʼlumotlariga ko‘ra, jahon markaziy banklari 2023-yilning yanvar oyida 30,8 tonna oltin sotib olgan.
Xarid qilishning katta qismi uchta markaziy bank tomonidan amalga oshirildi — Turkiya, Xitoy va Qozog‘iston. Yilning birinchi oyida Turkiya 23 tonna oltin sotib olib, jami oltin zaxirasini 565 tonnaga yetkazdi.
Xitoy noyabr va dekabr oylarida qayd etilgan 62 tonnaga nisbatan yanvar oyida 15 tonna oltin sotib oldi. Bu Xitoyning umumiy oltin zaxirasini 2 025 tonnaga yetkazdi.
Qozog‘iston Markaziy banki to‘rt tonna oltin sotib olib, umumiy zaxiralarni 356 tonnaga yetkazdi.
Yanvar oyida markaziy banklar orasida oltinning asosiy sotuvchisi kutilganidek O‘zbekiston Markaziy banki bo‘ldi. Mamlakat 11,5 tonna oltin sotib, zaxiralarini 384 tonnagacha qisqartirdi. 384 tonna — O‘zbekiston zaxiralarining 66 foizini tashkil qiladi.
Yanvar oyida oltin bir unsiya uchun 1 860 dollardan 1 960 dollargacha cho‘qqiga ko‘tarildi. Bu esa 2022-yil davomida oltin sotib olishda yetakchilardan bo‘lgan O‘zbekiston Markaziy banki uchun ayni muddaodir. Yuqori narxlar sabab mamlakat asosiy oltin sotuvchisiga aylandi.
Global oltin narxlari mart oyida 2 050 dollar atrofida shakllangan edi. Biroq geosiyosiy vaziyat oqibatida narxlar oktabr oyida 1 650 dollardan ham tushib ketdi.
Markaziy banki raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev nufuzli nashrlardan biri Bloomberg’ga bergan intervyusida O‘zbekiston zaxiralardagi oltin ulushini 50 foizdan pasaytirmoqchi bo‘lgani, biroq bozor bunga yo‘l qo‘ymagani haqida aytgan edi.
“Biz uchun ikkita omil bor: joriy narx va kelajakdagi narx. Narx ko‘tarilmoqdami yoki u o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga yetib, pasayyaptimi? Bu biz izlayotgan daqiqa. Agar narx ko‘tarilayotgan bo‘lsa, kutganimiz ma’qul”, — deydi Hamroyev.
Samarqandda bo‘lib o‘tgan II O‘zbekiston iqtisodiy forumi doirasida Xalqaro valyuta jamg‘armasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo departamenti direktori Jihad Azur ham “Daryo” muxbiriga mamlakatning oltin bilan bog‘liq vaziyati, uzoq vaqt davomida oltin sotmayotgani haqida gapirib bergan edi.
“Odatda mamlakatlar narxlar ko‘tarilganda ko‘proq qimmatbaho metall sotadi, agar narxlar tushib boraversa, hukumat boshqa bozorlarning o‘zgarishini kutadi. Menimcha, mamlakatning ushbu harakati bozordagi vaziyat va imkoniyatlardan kelib chiqqan qarorga asoslanmoqda”, — degan edi Jihad Azur.
Noyabr oyiga kelib oltin narxlari sezilarli ravishda o‘sa boshladi. Buning natijasida O‘zbekiston so‘nggi ikki oy ichida qariyb 1,3 mlrd dollarlik oltin sotdi. Narxlar yanvarda ham o‘sishda davom etdi va mamlakat bu oyda ham oltin eksport qildi.
Ayni paytga kelib jahonda oltin narxlari bir troya unsiya uchun 1 840 dollar, bir gramm uchun 59 dollar bo‘lib turibdi.
Agarda narxlar tushsa, O‘zbekiston yaqin oylarda oltin sotib olishga e’tibor qaratishi mumkin.