Minsk sudi Belarusning “Vyasna” inson huquqlarini himoya qilish markazi raisi Ales Belyatskiyni 10 yilga qattiq rejimli koloniyaga hukm qildi. Bu haqda markazga tayanib, Meduza xabar bermoqda.
Belyatskiy va boshqa ayblanuvchilar — “Vyasna” raisi o‘rinbosari Valentin Stefanovich, markaz advokati va “Erkin saylovlar uchun inson huquqlari himoyachilari” kampaniyasi koordinatori Vladimir Labkovich, “Vyasna”ning huquq himoyachisi Dmitriy Solovyov — naqd pul kontrabandasi va namoyishlarni moliyalashtirishda aybdor deb topildi.
Stefanovichga to‘qqiz yillik, Labkovich esa yetti yillik koloniya tayinlandi. Solovyov sirtdan aybdor deb topildi, unga sakkiz yillik qamoq jazosi berildi.
Belatskiy, Stefanovich va Labkovich 2021-yil iyul oyida hibsga olingan. Avvaliga ularni soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblashdi, keyin esa bu ish to‘xtatildi va huquq himoyachilariga yangi ayblov qo‘yildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2016—2021-yillarda ular Litvadan Belarusga kamida 201 ming yevro va 54 ming dollar olib o‘tishgan, shuningdek, 2020—2021-yillarda Belarusdagi norozilik namoyishlarini moliyalashtirgan. Moliyalashtirish, xususan, jarimalarni to‘lash, advokatlarga ish haqi va norozilik namoyishlari tufayli hibsga olinganlar uchun hibsxonalardagi oziq-ovqatga pul to‘lash kabilarni nazarda tutadi.
Inson huquqlari himoyachilari o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmagan. Qoralovchi tomon ular uchun 9 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan.
2011-yilda Ales Belyatskiy soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblanib, to‘rt yarim yilga qamalgandi. Tergov “Vyasna”ning odamlarga yordam berish uchun sarflagan pullarini, Belyatskiyning soliq to‘lamagan shaxsiy daromadi sifatida ko‘rib chiqqan. Huquq himoyachisi 2014-yilda ozodlikka chiqqan.
2022-yil oktabr oyida Ales Belyatskiy Rossiyaning “Memorial” inson huquqlari tashkiloti va Ukrainaning “Fuqarolik erkinliklari markazi” tashkiloti bilan birgalikda tinchlik uchun Nobel mukofotini oldi.
“Vyasna” — Belarusdagi eng yirik inson huquqlari tashkiloti. 2020-yilgi saylovlar va norozilik namoyishlaridan keyin “Vyasna” xavfsizlik kuchlari tomonidan huquqbuzarlik faktlarini hujjatlashtirdi, mahbuslar va qiynoq qurbonlariga yordam berdi. Tashkilot Belarusda davom etayotgan 2020-yil bilan bog‘liq siyosiy ishlarni kuzatib boradi.