Amerikalik senatorlar Robert Menendes (demokrat) va Jeyms Rish (respublikachi) prezident Jo Bayden ma’muriyatini aviakompaniyalarga, jumladan, Xitoy aviakompaniyalariga Rossiya hududi orqali AQSHga uchishini taqiqlashga chaqirdi. Bu haqda Reuters agentligi Senat aʼzolarining AQSH davlat kotibi Entoni Blinken va transport vaziri Pit Buttiji, shuningdek, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jeyk Sallivan nomiga yo‘llangan maktubiga tayanib xabar bermoqda.
Bundan tashqari maktub mualliflari “AQSH fuqarolarini va mamlakatda doimiy yashovchi shaxslarni Rossiya orqali parvoz qilishdan qat’iy va ommaviy ravishda qaytarishni” hamda amerikalik amaldorlarga Rossiya havo hududidan o‘tadigan aviakompaniyalarda rasmiy safarlar uchun parvoz qilishni taqiqlashni so‘ragan.
Reuters xabarida aytilganidek, Amerika aviatashuvchilari hozirda AQSHdan Shanxayga Janubiy Koreyaning Inchxon shahri orqali, Xitoy aviakompaniyalari esa AQSHga to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya orqali uchadi.
Maktub mualliflariga ko‘ra, mavjud vaziyat “Rossiya bilan biznes yuritishni xohlovchi” boshqa mamlakatlarning aviatashuvchilari bilan solishtirganda “AQSH aviakompaniyalarini raqobatbardosh holda qoldiradi”. Amerika aviakompaniyalari, jumladan American Airlines, United Airlines va Delta Air Lines tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.
Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan so‘ng, mart oyi boshida AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa ayrim davlatlar Rossiyadan uchadigan samolyotlar uchun osmonini yopdi. Parvozlarni taqiqlash yo‘lovchi va yuklarga, shuningdek, charter va muntazam reyslarga ta’sir ko‘rsatdi. Rossiya bunga javoban 30 dan ortiq mamlakat, jumladan, Yevropa Ittifoqi davlatlaridan keluvchi parvozlarni taqiqladi.
Izoh (0)