UNESCO tabiiy fanlar sohasidagi tadqiqotlar uchun UNESCO–Ekvatorial Gvineya xalqaro mukofotining to‘rt nafar laureatini eʼlon qildi. Mazkur nufuzli mukofotga O‘zbekiston oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, biolog olim, akademik Ibrohim Abdurahmonov ham sazovor bo‘ldi.
Misr, Xitoy, Litva va O‘zbekistondan to‘rt nafar laureat 2023-yilning 10-mart kuni Ekvatorial Gvineyaning Jibloho shahrida bo‘lib o‘tadigan marosimda ushbu nufuzli mukofot bilan taqdirlanadi. Ularning tadqiqotlari oziq-ovqat xavfsizligi, paxta navlarini takomillashtirish, vaksinalarni ishlab chiqish va og‘ir genetik kasalliklarni davolashning innovatsion usullariga qaratilgan.
G‘oliblar hakamlar hayʼati tomonidan mukofot nizomiga muvofiq inson hayoti sifatini yaxshilashga qo‘shgan hissasini inobatga olgan holda aniqlangan. Shuningdek, hakamlar hayʼati bir ovozdan UNESCO Bosh direktoriga 2023-yilgi mukofotni 4 nafar nomzodlar o‘rtasida taqsimlashni tavsiya qilgan.
Qayd etilishicha, Ibrohim Abdurahmonov g‘o‘zaning kasalliklarga chidamliligi, tola sifati va hosildorligi kabi foydali xususiyatlarini aniqlash maqsadida ishlatiladigan molekulyar markerlarni ishlab chiqqani uchun mazkur nufuzli mukofotga loyiq deb topilgan. Ushbu markerlar seleksionerlarga foydali xususiyatlarga ega o‘simliklarni tez va samarali aniqlash hamda tanlab olish imkonini beradi.
Akademik Abdurahmonov 2012-yilda O‘zbekiston Genomika va bioinformatika markazini tashkil yetib, unga rahbarlik qilgan.
Izoh (0)