Shavkat Mirziyoyev yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonda 21 million gektardan ziyod yaylovlar mavjud bo‘lib, ular chorvachilik, ipakchilik, asalarichilik kabi ko‘plab tarmoqlar uchun muhim manba. Lekin ulardan foydalanishga oid hozirgi tartib yaylovlarda tadbirkorlikni rivojlantirish va mahsulot yetishtirishni cheklamoqda.
Shu bois, yangi tahrirda “Yaylovlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasini hamda yaylov maydonlarini ijaraga berish tartibini ishlab chiqish taklif qilindi. Bu ko‘plab iqtisodiy loyihalarga yo‘l ochadi. Xususan, Ispaniya va Portugaliyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan 7 million 800 ming dollar miqdoridagi grant mablag‘lari evaziga 4 ta loyiha shakllantirilgan.
Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida omixta yem ishlab chiqaruvchi korxonalar, Chorva hayvonlari genetik tadqiqoti laboratoriyasi tashkil etish, mayda shoxli mollarni raqamli identifikatsiya qilish shular jumlasidandir. Shuningdek, xalqaro moliya institutlarining grantlari hisobidan 500 gektar yaylovda quyoshdan muqobil energiya olish orqali quduqlardan suv chiqarish hamda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan.
Izoh (0)