Samarqand shahrida tadbirkorning mablag‘ini talon-toroj qilgan menejer aniqlandi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda aniqlanishicha, “B.T.” MCHJning Samarqand viloyati bo‘yicha menejeri J.J. va boshqalar 2022-yilning avgust—oktabr oylarida xorijda ishlab chiqarilgan elektron tamaki mahsulotlarini yuk xatlari bilan qabul qilib olgan.
Ular ushbu mahsulotlar sotuvidan tushgan 173 million so‘m naqd pullarni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)