Transport vaziri Ilhom Mahkamov Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan bilan uchrashdi. Bu haqda Transport vazirligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, XXRning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari hamda O‘zbekistonning Xitoydagi favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev ishtirok etgan uchrashuvda tomonlar transport sohasidagi hamkorlik aloqalarining dolzarb masalalarini muhokama qilgan.
Xususan, Xitoyning yirik zavodlari tomonidan ishlab chiqarilgan avtobuslarni yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Tomonlar uchrashuvda avtobuslar sotib olishni moliyalashtirish, yetkazib berish muddatlari va Xitoydan O‘zbekistonga tezlashtirilgan tartibda yetkazib berish bo‘yicha ishlarni tashkil etish masalalari bo‘yicha suhbatlashgan.
O‘z navbatida, Szyan Yan mamlakatda jamoat transportini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning muhimligini ta’kidlagan holda, uchrashuvda muhokama etilgan masalalar yuzasidan har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.
Izoh (0)