Ijtimoiy tarmoqlarda tovuq go‘shtini yemaslik, unda ortiqcha gormonlar borligi haqida turli xabar tarqalmoqda.
“Daryo” muxbiri ushbu xabarlar qanchalik haqiqatga to‘g‘ri kelishi xususida Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat ilmiy markazi direktori Bahriddin Tongyoriqovdan izoh oldi.
Mutaxassisning alohida ta’kidlashicha, tovuq go‘shtini sotib olayotgan vaqtda birinchi galda uning qadoqlanganiga e’tibor berish kerak.
“Ayrim tadbirkorlar tovuq go‘shtini qadoqlanmagan holda sotishga harakat qiladi. Go‘shtni nima uchun qadoqlanganini sotib olish kerak? Boisi tovuq go‘shti atrofdagi yot narsalarni o‘ziga shimib olish xususiyatiga ega. Bundan tashqari, qadoqda ishlab chiqaruvchi korxona nomi, saqlash muddati va qanday haroratda saqlangani ko‘rsatib o‘tiladi”, — dedi markaz rahbari.
Bahriddin Tongyoriqov O‘zbekistonda ishlab chiqaruvchilar tovuq boqishda gormonlardan qanchalik foydalanishi haqidagi savolga ham javob berdi.
“Ko‘pchilikda tovuq go‘shtiga qo‘shimchalar: vitaminlar, perekislar yoki gormonlar qo‘shilyapti degan e’tirozlar bo‘lyapti. Albatta vitaminlar, qo‘shimchalar, perekislar beriladi. Lekin bugungi kunda jahon bozorida gormon narxi keskin oshib ketgan. Shu bois O‘zbekistonga gormon olib kelib, ularni tovuq boqishda foydalanish iqtisodiy samarasiz. Ikkinchidan, agar tovuq go‘shtida gormon borligi aniqlansa barchasi tegishli tartibda yo‘q qilinadi”, — dedi u.
Izoh (0)