Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In hukumatga yangi qit’alararo ballistik raketani ishlab chiqish va taktik yadro qurollarini ommaviy ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligiga tayanib, Reuters yozmoqda.
Shimoliy Koreya yetakchisi suverenitet va xavfsizlikni himoya qilish uchun respublika yadroviy arsenalini yaratish hamda uni “harbiy kuch” bilan ta’minlash zarurligini ta’kidlagan.
“Kim Chen In asosiy missiya sifatida tezkor yadroviy qarshi kurash qobiliyatiga ega yana bir qit’alararo ballistik raketa tizimini yaratish vazifasini oldinga qo‘ydi”, — deyiladi nashrda.
Bundan tashqari u Pxenyan imkon qadar tezroq harbiy sun’iy yo‘ldoshni uchirmoqchiligini ma’lum qilgan. Kim Chen In, shuningdek, Shimoliy Koreyaning yangi raketalari taktik yadro qurolini olib yurishga qodirligini aytgan.