Kobuldagi harbiy aeroport yaqinida yuz bergan portlash oqibatida qurbonlar va jarohatlanganlar bor, deb xabar qilmoqda Reuters Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi vakiliga tayanib.
“Bugun (1-yanvar) ertalab Kobuldagi harbiy aeroport yaqinida portlash sodir bo‘ldi, oqibatda bir qancha fuqarolarimiz halok bo‘ldi va yaralandi”, — dedi manba.
Portlashning boshqa tafsilotlari keltirilmagan. Hozircha mamlakatda faoliyat yuritayotgan hech bir qurolli guruh portlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.
22-dekabr kuni Kobulning Rossiya elchixonasi joylashgan tumanida portlash sodir bo‘lgandi. Politsiya hodisada qurbonlar va vayronalar yo‘qligini aytgan.
12-dekabr kuni Kobul shahrida xitoyliklar bo‘lgan “Shahr-No” mehmonxonasiga hujum qilingandi. Voqea joyida bir necha portlashlar ham eshitilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Afg‘onistonning Samangon viloyatidagi diniy maktabda 29-noyabr kuni portlash sodir bo‘lgandi. Hodisa oqibatida 35 kishi halok bo‘lgan va 23 kishi jarohatlangan.