Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Jangovar harakatlar 60 yil avval kuzning erta tongida boshlandi.

1962-yil 23-oktabr kuni Xitoy askarlari Hindiston shimoli-sharqidagi keng Himolay mintaqasiga, Xitoy va Butan bilan chegaradosh bo‘lgan Shimoli-sharqiy chegara agentligiga kirib, shiddatli ravishda artilleriyadan o‘t ochdi.

Hind askarlari Xitoy da’vogarlik qiladigan Arunachal-Pradesh shtatidagi Tavang yaqinida, 2003-yil 31-oktabr

Hind askarlari Xitoy da’vogarlik qiladigan Arunachal-Pradesh shtatidagi Tavang yaqinida, 2003-yil 31-oktabr
Foto: Getty Images

Bugun esa u yerda Hindistonning bir million aholiga ega Arunachal-Pradesh shtati joylashgan, Xitoy esa hamon uni o‘z hududi deb da’vo qilmoqda, ikki tomon o‘rtasida bir yildan ko‘proq vaqt davom etgan so‘nggi to‘qnashuv aynan shu yerda bo‘lib o‘tgan.

“Portlashlar natijasida osmon yorishib ketardi va tog‘larda aks-sado berardi”, — degandi Hindiston armiyasi harbiy xizmatchisi shvetsiyalik jurnalist va “Xitoyning Hindistondagi urushi: dunyo tomidagi to‘qnashuv yo‘li” kitobi muallifi Bertil Lintnerga.

Xitoy askarlari 17 nafar hind askarini o‘ldirib va yana 13 kishini asirga olib, Hindiston pozitsiyasini egallab oldi. G‘aflatda qolgan va yaxshi qurollanmagan hind qo‘shinlari tomonidan biroz qarshilikka uchragach, ular yana olg‘a siljidi. Ertasi kuni ular shu yerga yaqin vodiyda joylashgan Tavang shahrini qo‘lga kiritdi.

Xitoyliklar janubga qarab siljidi. Noyabr o‘rtalariga kelib, ular Bomdila shaharchasigacha yetib keldi, u esa Hindistonda gullab-yashnayotgan choy bog‘lari, neft konlari va jut (kanop) plantatsiyalari joylashgan Assamdan bor-yo‘g‘i 250 km masofada edi.

Keyin esa, 21-noyabr kuni xitoyliklar o‘t ochishni to‘xtatish haqida e’lon qildi hamda ikki tomon o‘rtasida Haqiqiy nazorat chizig‘i deb ataluvchi va Britaniya nazorati ostidagi Hindiston tomonidan tuzilgan xaritalarda belgilab qo‘yilgan chegaradan 20 km shimolga chekindi.

Hind ofitserlari Hindiston-Xitoy chegarasidagi to‘qnashuvlar chog‘ida Hindiston shimolidagi Ladakx tumanida qal’alardan birini egallamoqda, 1962-yil noyabr

Hind ofitserlari Hindiston-Xitoy chegarasidagi to‘qnashuvlar chog‘ida Hindiston shimolidagi Ladakx tumanida qal’alardan birini egallamoqda, 1962-yil noyabr
Foto: Getty Images

“Urush tugagandi. Bir necha haftadan keyin Xitoy milliy ozodlik armiyasi askarlari tog‘larning Xitoy tomonidan nazorat qilinuvchi qismiga o‘tdi”, — deya qayd etadi Linter. Hindistonliklar 1383 nafar askar halok bo‘lib, qariyb 1700 kishi bedarak yo‘qolganini ma’lum qildi. Xitoy tomoniga ko‘ra, hindlarning talafoti qariyb 4900 nafar qurbon va yana 3968 nafar tiriklayin asirga tushganlardan iborat bo‘lgan.

Hindistonlik mudofaa tahlilchisi va yangi “Hindiston-Xitoy chegarasini tushunish” kitobi muallifi Manoj Joshi aytishicha, xitoyliklarning nima sababdan chekingani noma’lum.

“Bu ularning ta’minot liniyasi kengaytirilgani tufaylimidi? Yoki ular AQSH aralashuvidan qo‘rqdimi? Yo bo‘lmasa, ular o‘zlarining sharqiy chegara hududlari bo‘yicha da’volariga amin emasmidi?” — degan savollarni ko‘taradi u.

Bahsli Xitoy-Hindiston chegarasi uchta hududga bo‘lingan: Ladakxa atrofidagi g‘arbiy sektor; Hindistonning Ximachal-Pradesh va Uttarakxand shtatlari va Tibet o‘rtasidagi chegaralardan iborat o‘rta sektor; Arunachal-Pradeshdagi chegarani o‘z ichiga oluvchi sharqiy sektor.

Ekspertlar aytishicha, bu haqiqatan ham “mavhum chiziq” — hindistonliklar uni 3488 km deb hisoblasa, xitoyliklar 2000 kilometrdan oshishini aytadi, xolos.

Hindiston chegaraning g‘arbiy qismida Xitoy nazorati ostida bo‘lgan Shveytsariya kattaligidagi Aksay-Chin platosiga da’vogarlik qiladi. Xitoyning esa Arunachal-Pradeshga nisbatan da’vosi bor.

Hind askarlari Arunachal-Pradeshdagi chegara yaqinida artilleriya qurollari bilan

Hind askarlari Arunachal-Pradeshdagi chegara yaqinida artilleriya qurollari bilan
Foto: Getty Images

Hindiston ma’lumotlariga ko‘ra, uzunligi 1126 km bo‘lgan va Xitoy tomonidan hech qachon tan olinmagan, Arunachal-Pradeshdagi sharqiy chegara MakMexon chizig‘i orqali shakllangan. U 1914-yilda Hindiston tashqi ishlar vaziri bo‘lgan britaniyalik Genri MakMexon sharafiga nomlangan.

Osiyoning eng yirik ikki mamlakati va yadro quroliga ega qo‘shnilar dunyoda eng uzoq davom etgan chegara bahslaridan biri doirasida to‘qnashuvlarni to‘xtatish haqida bitim tuzdi. Ikkala tomon ham asosan tinchlikni saqlab turdi, biroq doimiy ravishda bir-birini sulhni buzishda va bostirib kirishda aybladi.

Ammo Xitoy Arunachal-Pradeshga nisbatan da’volaridan voz kechmadi va haligacha hududning katta qismini “Janubiy Tibet” deb ataydi. O‘tgan yili Xitoy Fuqarolik ishlari vazirligi bahsli hududdagi bir nechta joylarni qayta nomladi, davlat OAVlari esa Xitoyning hududiy da’volari “tarixiy va ma’muriy asosga ega ekani” haqida yozdi.

Hindiston va Xitoy xaritasi

Ba’zi tahlilchilar aytishicha, Pekin Arunachal-Pradeshda Hindiston bilan chegara bitimi imkoniyatini ko‘rmoqda, go‘yoki, bu kelishuvga muvofiq, Deli 1950-yillardan buyon bosib olingan va foydali qazilmalarga boy bo‘lgan strategik joylashuvga ega muzli cho‘l — Aksay-Chin ustidan Xitoy suverenitetini tan olishi, Pekin esa bunga javoban Hindistonning Arunachal-Pradesh ustidan suverenitetini tan olishi kerak bo‘ladi.

Ammo Buyuk Britaniyadagi Birmingem universitetidan doktor Sering Topgyal kabi ekspertlar vaziyat endi bunday emas, deb hisoblaydi.

“Xitoyning Tibet ustidan nazorat bo‘yicha ishonchi komilligi hamda Arunachal-Pradesh va Aksay-Chin bilan ayirboshlashga da’vat o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lishi mumkin. Endi mening fikrimcha, Xitoy chegara bahsiga faqat hududiy yutuqlar yoki mahalliy darajadagi yo‘qotishlar nuqtai nazaridan emas, balki keng milliy va tashqi siyosiy manfaatlarni hisobga olgan holda yondashmoqda”, — dedi doktor Topgyal.

Ilgari to‘g‘ridan to‘g‘ri Dehli tomonidan boshqarilgan Arunachal-Pradesh 1987-yilda shtatga aylandi. Shuningdek, o‘tgan yillar ichida Hindiston chegara bo‘ylab mudofaa va infratuzilmani kuchaytirdi hamda unga yaqin hududlarda qishloqlar barpo etmoqda.

Hindiston yetakchilarining Arunachal-Pradeshga tashriflari Pekinning g‘azabiga sabab bo‘ldi. 2008-yilda sobiq bosh vazir Manmoxan Singx shtatga kelib, yo‘llar qurilishi bo‘yicha bir qator loyihalarni e’lon qilganida Xitoy rasman norozilik bildirdi. Shuningdek, Pekin Osiyo taraqqiyot banki ushbu davlatga ajratgan kreditga ham qarshi chiqib, bazalari shu hududda joylashgan hind harbiy mansabdorlari va ofitserlariga vizalar berishni rad etdi.

2014-yilda bosh vazir Narendra Modi 2000 kilometrlik yangi yo‘llarni qurish hamda Arunachal-Pradeshning olis va tashlandiq tumanlarini rivojlantirish rejasini e’lon qildi.

“Biz munosabatlarni buzish uchun hech narsa qilayotganimiz yo‘q. Bu Xitoyga nisbatan chaqiriq yoki u bilan raqobat nuqtai nazaridan emas, balki o‘z hududimizni himoya qilish nuqtai nazaridandir”, — degandi o‘shanda asli shu shtatdan kelib chiqqan federal vazir Kiren Rijiju.

Xitoyning nuqtai nazaridan olib qaraganda, Hindistonning orzu-havaslarini tiyib turish va uning xatti-harakatlarini, masalan, AQSH bilan o‘sib borayotgan aloqalarini tartibga solish vositasi sifatida Hindiston bilan chegara bahsini, shu jumladan, Arunachal-Pradeshga nisbatan da’voni saqlab turish strategik ma’noga ega bo‘lishi mumkin, deydi doktor Sering.

“Xitoyning barcha qo‘shnilari bilan chegara bahslari ichida nega faqat Hindiston bilan bahs ochiq bo‘lib qolmoqda?” — degan masalani ko‘taradi u.

Ekspertlar so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi to‘qnashuv yuz bergan Yanszi kam aholi yashaydigan hudud bo‘lib, Xitoy tomonidagi qishloqdan atigi 5 km uzoqlikda joylashgan. U bahsli chegara bo‘ylab joylashgan va ikkala tomon ham da’vogarlik qilayotgan 12 ta yoki undan ham ko‘proq hududlardan biridir.

“Sharqiy chegara, aftidan, yana keskinlashmoqda, — deydi Joshi. — Ammo bu mutlaqo hayratlanarli holat emas”.

___________________

9-dekabr kuni Hindistonning Arunachal-Pradesh shtati g‘arbidagi Tavang okrugida Haqiqiy nazorat chizig‘i bo‘ylab hind va xitoy harbiylari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lib o‘tgani xabar berilgandi. ANI agentligi manbalariga ko‘ra, ikkala tomondan ham bir necha harbiy xizmatchi yengil jarohatlangan. Shundan keyin Hindiston va Xitoy kuchlari chegaradan olib ketilgan.

Keyinroq Hindiston mudofaa vaziri Rajnatx Singx ma’lum qilishicha, 9-dekabr kuni Hindiston o‘z hududiga Xitoy harbiylari kirib kelishining oldini olgan. “Xitoy va hind qo‘shinlari o‘rtasida qo‘l jangi bo‘lib o‘tdi. Hindiston qo‘shinlari Xitoy xalq ozodlik armiyasi qo‘shinlarining hududimizga kirishiga yo‘l qo‘ymadi”, — dedi u.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Iqtisodiyot
Korrupsiya darajasi, iqtisodiy erkinlik indeksi: O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni qanday o‘zgarmoqda?
Dunyo
AQSH Yelsinning Ukraina haqidagi bayonotini maxfiylikdan chiqardi
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda frilanserlik: ular qancha maosh oladi va nega ko‘paymoqda?