Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak kelajakda Rossiya hujumining oldini olish yo‘lini aytdi. U bu haqda Twitter’dagi sahifasida ma‘lum qildi.
Podolyakning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi hujumi urush tugaganidan keyin takrorlamasligi uchun birinchi navbatda aybdorlarni javobgarlikka tortish kerak. U yana bir muhim nuqta Ukrainaning NATOga qo‘shilishi ekanini ta’kidladi.
“Kreml bu urushda allaqachon mag‘lub bo‘ldi, safarbarlik uning mag‘lubiyatini kechiktirmoqda. Ukraina hududlarni ozod qilgandan so‘ng va Rossiya mag‘lubiyati rasman e’lon qilingach, hujum takrorlanmasligi uchun hamma narsani qilish kerak. Hammasi oddiy: maxsus tribunal, urush mualliflariga hukmlar va Ukrainaning NATOga qabul qilinishi”, — deydi u.
Podolyak urush qanday tugashini va Rossiya bilan muzokara olib borish shartini ham ma‘lum qilgandi. Jumladan, muzokara uchun Rossiya Ukrainadan qo‘shinlarini olib chiqishi va elitasini o‘zgartirishi kerak.
“Rossiya o‘z qo‘shinlarini olib chiqib, Ukraina hududlarini ozod qilishi kerak. Rossiya elitasi transformatsiyadan o‘tishi zarur. Shundan so‘ng muzokaralar boshlanib, konstruktiv muloqot bo‘ladi. Unda Rossiyaning xalqaro huquqqa qaytishi, tovon to‘lovi miqdori va Yaltadagi maxsus tribunalga yig‘ilish jadvali kelishib olinadi”, — degan edi Podolyak.
Shuningdek, u Ukrainadagi urush qanday tugashini ham prognoz qilgandi.
Mavzuga doir: