Ukrainaning Gretsiyadagi elchixonasiga 12-dekabr kuni ertalab qonga belangan paket yuborildi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vazirligi spikeri Oleg Nikolenko ma’lum qildi.
“Ertalab Ukrainaning Gretsiyadagi elchixonasiga qonli paket kelib tushdi. Yuboruvchining manzili avval Ukrainaning boshqa elchixonalari va konsulxonalari tomonidan qabul qilingan konvertlardagi manzil bilan bir xil: Germaniyaning Sindelfingen shahridagi Tesla avtosaloni. Gretsiya politsiyasi tergov harakatlarini boshladi”, — dedi rasmiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, TIV Germaniya huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tergov tezlashtirilishiga umid qilmoqda.
Bunga qadar 17 ta davlatda Ukraina elchixonalari va konsulxonalariga 33 ta tahdid qayd etilgan: 1 ta teraktga urinish holati, 2 ta binoga bomba qo‘yilgani haqida xabar, 1 ta vandalizm, 1 ta yozma tahdid va 28 ta qonli paket.