Qozog‘iston Energetika vazirligi rahbari Rossiya va O‘zbekiston ishtirokida gaz ittifoqini tuzish imkoniyatlari haqida gapirdi. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.
Energetik vaziri Bolat Akchulakovning so‘zlariga ko‘ra, aslida uch tomonlama gaz ittifoqi masalasi muhokama qilinmadi.
“Barcha muhokamalar ikki tomonlama hamkorlik formatida bo‘ldi. Masalan, Qozog‘iston — Rossiya, Qozog‘iston —O‘zbekiston. Ya’ni bu uch tomonlama formatda muhokama qilinmadi”, — dedi Akchulakov.
Shuningdek, vazir tomonlar gaz uzatish tizimlarining texnik jihati, yangilarini qurish imkoniyatlarini muhokama qilayotganini qayd etdi.
“Ushbu formatda ikki tomonlama ish olib borilmoqda. Albatta, ayrim masalalarda barcha tomonlarning kelishuvi talab qilinadi. Ammo qandaydir ittifoq yaratish haqida mutlaqo gap bo‘lmagan”, — deya ta‘kidladi Energetika vazirligi rahbari.
Mavzuga doir: “Gaz ittifoqini yaratish g‘oyasida hech qanday geosiyosiy o‘yin yo‘q” — Lavrov (video)