Amerikaning Urushni tadqiq qilish instituti (ISW) o‘zining kunlik sharhida yozishicha, Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga zarbalar berishda Eronda ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchar qurilmalardan faolroq foydalana boshlagan.
ISW Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondonligining 10-dekabrdagi xabariga e’tibor qaratmoqda, unda Rossiya harbiylari Xerson, Nikolayev va Odessa viloyatlarida Shahed-136 va Shahed-131 dronlaridan foydalanib, 15 ta hujumni amalga oshirgani haqida aytiladi. Odessada 10-dekabr kuni Rossiya energetika obyektlariga hujum qilganidan keyin muhim infratuzilma obyektlaridan boshqa barcha iste’molchilar chiroqsiz qoldi.
Shuningdek, ISW qayd etishicha, Rossiya harbiylari uch haftalik tanaffusdan keyin, 7-dekabr kuni Ukraina hududiga zarbalar berish uchun Eron dronlaridan foydalanishni qayta boshlagan. Shundan bir necha kun avvalroq NBC News telekanali Oq uydagi manbalariga tayanib, Rossiya hukumati dronlar evaziga Eronga “misli ko‘rilmagan darajada” harbiy va texnik ko‘mak ko‘rsatayotgani haqida yozgandi.
ISW fikricha, Rossiya harbiylari, katta ehtimol bilan, Erondan dronlarning yangi partiyasini olgan yoki yaqin kunlarda ularning yetkazib berilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, sharh mualliflari Rossiya qo‘shinlari dronlardan foydalanmagan uch hafta davomida ularni to‘plash bilan shug‘ullanganini ham istisno qilmayapti. Shuningdek, ta’kidlanishicha, Eronda ishlab chiqarilgan dronlarni qish sharoitida qo‘llash uchun ularni modifikatsiya qilish ham talab etilgan.
Ukraina rasmiy shaxslari Eronni Rossiyaga Mohajer-6 va Shahed-136 dronlarini sotishda ayblamoqda. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Ukrainada Eron dronlaridan foydalanilayotganidan bexabar ekanini aytgandi. 5-noyabr kuni Eron Rossiyaga uchar qurilmalar yetkazib berilganini tan olgan, biroq “kam miqdorda” va Ukrainada jangovar harakatlar boshlanishidan “bir necha oy avval” yuborilganini aytgandi.